Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida taniqli turk shoiri Mehmet Akif Ersoʻyning qardosh millat milliy dostoniga aylangan “Safahot” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Tadbirda yozuvchi-shoirlar, adabiyotshunoslar, tarjimonlar, talaba-yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi rahbari Serkan Qayalar soʻzga chiqib, ikki millatning madaniy-adabiy aloqalari qadimdan mavjudligi, u bugun yanada mustahkamlanayotgani, yangi chop etilgan ushbu “Safahot” kitobi ham doʻstlik rishtalarini bogʻlashda maʼnaviy koʻprik vazifasini oʻtashini taʼkidladi.
Mazkur kitob Mehmet Akif Ersoʻy tomonidan 1911-1933-yillarda nashr etilgan boʻlib, 7 kitobdan iborat axloq va tarbiya majmuasidir. Kitobda oʻquvchilar Turkiya tarixining burilish nuqtasiga guvoh boʻlishadi. Shuningdek, turk millatining ozodlik kurashi, jasorati va gʻalabasini koʻrishadi. Kitobni turkchadan oʻzbek tiliga taniqli shoir va tarjimon Miraziz Aʼzam tarjima qilgan.
— Mehmet Akif Ersoʻy deganda turklar, avvalo, “Milliy madhiya”ni, “Chanoqqalʼa” sheʼrini va “Safohot”ni esga olishadi. — dedi tarjimon Tohir Qahhor. — U xalq shoiri, milliy shoirdir. U hamisha oliy maqsadlar bilan yashagan. Oʻzbek adabiyot muhiblari qoʻliga yetib borayotgan ushbu kitob shoir oliy maqsadlarining betakror namunasi, desak mubolagʻa emas.
Tadbir yakunida qatnashchilarga muhtasham majmua tuhfa etildi.