Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan eʼlon qilingan yangi hisobotda dunyo boʻylab vabo epidemiyasining tarqalish xavfi yuqori, deb baholandi.
Tahlillarga koʻra, oʻtgan yili sayyoramizda ushbu kasallikni yuqtirgan 709 mingga yaqin bemor roʻyxatga olingan. Ulardan 4,3 ming nafari xastalik oqibatida hayotdan koʻz yumgan. Eng yomoni, hali yoz mavsumi yaqinlashmay turib, yana oʻsish koʻrsatkichlari qayd etilmoqda.
Xususan, joriy yil yanvar oyida 17 mamlakatda qariyb 41 ming kishiga vabo tashxisi qoʻyildi. Bemorlardan 775 nafari xastalik qurboniga aylandi.
Yangi epidemiya oʻchoqlari Afrika, Sharqiy Oʻrta yer dengizi, Amerika va Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqalarida aniqlangan. Ayniqsa, Zambiya va Zimbabve mamlakatlarida oʻsish surʼatlari yuqori boʻldi.
Shundan kelib chiqqan holda, JSST mazkur davlatlarni zarur dori-darmon va vaksinalar hamda boshqa tibbiy resurslar bilan taʼminlash choralari koʻrmoqda.