Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan Buxoro viloyatining Peshku va Gʻijduvon tumanlarida har birining quvvati 500 MVtdan boʻlgan 2 ta (jami 1000 MVt) shamol elektr stansiyasi qurilmoqda.
Mazkur loyihalar doirasida “Envision” kompaniyasining (Xitoy) har birining quvvati 6,5 MVtdan boʻlgan shamol turbinalari oʻrnatilyapti. Hozirgi kunga qadar jami quvvati 474,5 MVtga teng boʻlgan 73 ta shamol turbinasi oʻrnatib boʻlindi.
Har bir turbina minorasining balandligi 100 metr, shamol parraklarining har biri esa 84 metrni tashkil qiladi.
Maʼlumot uchun, ushbu yirik loyihalar doirasida jami 158 ta mana shunday shamol turbinalari oʻrnatiladi.
Mazkur elektr stansiyalarining dastlabki 400 MVt quvvati 2024-yil yakuniga qadar ishga tushiriladi.
Stansiyalar toʻliq ishga tushirilgach, yiliga 3 mlrd 600 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning natijasida yiliga 1 mlrd 100 mln kubometr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi hamda atmosferaga 1 mln 500 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.
Shuningdek, ushbu loyihalar doirasida uzunligi 260 kilometr boʻlgan 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va 2 ta 500 kV kuchlanishli ochiq taqsimlash uskunalari quriladi.
Mazkur elektr uzatish tarmoqlari energetika tizimining shimoli-gʻarbiy (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati) hamda janubi-gʻarbiy (Buxoro va Navoiy viloyatlari) qismlarining bogʻlanishini mustahkamlaydi.
Eslatib oʻtamiz, Navoiy viloyatining Tomdi tumanida ham 500 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi qurilyapti va uning ishga tushirilgan dastlabki quvvatlari hozirgi kunda “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda.