“Uzbekistan Airports” yangi haydovchilik guvohnomasidan foydalangan holda parvozga ro`yxatdan o`tish bo`yicha rasmiy xabar e`lon qildi.
Ma`lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 iyundagi “Ichki ishlar organlari tizimida davlat xizmatlari ko`rsatish sifatini yanada oshirish va tartiblarini soddalashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 389-son qaroriga asosan yangi milliy haydovchilik guvohnomasi shaxsni tasdiqlovchi rasmiy davlat hujjati maqomiga ega.
Qayd etilishicha, “Uzbekistan Airports” tasarrufidagi aeroportlarning faoliyati respublika transport sohasiga oid hujjatlar, jumladan, o`zgartish va qo`shimchalar bilan tartibga solinadi hamda yuqori vazirlik va idoralar tomonidan ijro uchun yuboriladi. Mavjud ma`lumotlarga ko`ra, hozirda aeroportlarda shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida tan olinadigan va yo`lovchilarga ulardan foydalangan holda ichki yo`nalishdagi reyslarga ro`yxatdan o`tish huquqini beruvchi hujjatlarning (haydovchilik guvohnomasi, tug`ilganlik haqidagi guvohnoma, harbiy guvohnoma va boshqalar) yakuniy ro`yxatini idoralararo tasdiqlash ishlari yakunlanmoqda.