Endilikda Loyiha ofisining tavsiyasi bo‘lmagan loyiha hujjatlari davlat ekspertizasiga qabul qilinmaydi.
Qurilishda loyihalashtirishni tartibga solish maqsadida Qurilish vazirligida Loyiha ofisi tuzilishi belgilandi.
Ofis qiymati 10 mlrd so‘mdan yuqori loyihalarni ishlab chiqish jarayonida ularning xavfsizlik va energiya tejamkorlikka javob berishini, qiymati sun’iy oshib ketmaganini loyihachilar bilan birga baholab boradi. Shuningdek, har yili maktab, bog‘cha, tibbiyot, yo‘l, ichimlik suvi va issiqlik ta’minoti kabi sohalarning har birida kamida 2-3 tadan namunaviy loyihalar ishlab chiqadi.
Bundan buyon, Loyiha ofisining tavsiyasi bo‘lmagan loyiha hujjatlari davlat ekspertizasiga qabul qilinmaydi.
Mutasaddilarga eskirgan 105 ta qurilish normalarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida qayta ishlab chiqish topshirildi.
Bosh prokuraturaga qurilish materiallari sohasida qazib olishdan tortib, tayyor mahsulotni iste’molchiga yetkazishgacha barcha jarayonlarda yashirin iqtisodiyotga chek qo‘yish bo‘yicha tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda budjet hisobidan qilinadigan barcha xaridlar Soliq qo‘mitasining “Ye-ombor” platformasi orqali amalga oshiriladigan tartibni joriy qilish, qurilish materiallari klassifikatori elektron platformasini ishga tushirish yuzasidan ham topshiriqlar berildi.