Minglab hindistonliklar Yaqin Sharqdagi urushga qaramay, Isroilda ishlash uchun qabul qilish markaziga yopirilib kelmoqda. Bu haqda «Euronews» xabar berdi.
Iqtisodiyot biroz kuchayganiga qaramay, ishsizlik darajasi yuqoriligicha qolayotgan Hindistonda kambag‘allikdan aziyat chekayotgan aholi, urush davom etayotgan mamlakatda ham o‘z imkoniyatlaridan foydalanishga urinmoqda. Ish qidirib kelayotgan erkaklar asosan malakali quruvchilar hisoblanadi.
«Agar menga Isroilga borish uchun ruxsat berilsa, oyiga taxminan 1500 yevro ishlashim mumkin. Bu esa Hindistonda topadigan oylik maoshimdan uch baravar ko‘p», deydi kollej bitiruvchisi Anoop Singx “Euronews”ga.
Hindistonliklarning aytishicha, Urush sababli Isroil o‘n minglab falastinlik ishchilaridan ayrilgan. Ularga ayni paytda mamlakatda ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoj avvalgidan ancha ko‘proq ekanligi aytilmoqda.
Hindistondagi Haryana va Uttar-Pradesh shtatlari Isroilda qurilish ishchilari uchun 10 000 ga yaqin ish o‘rinlarini e’lon qilgan. Uttar-Pradesh shtat Mehnat vaziri Anil Rajbharning so‘zlariga ko‘ra, Isroilga yuboriladigan 16,000 ishchi guruhlar ro‘yxatini tuzishni yakunlangan.
Ishga yollash 27 yanvar kunidan boshlangan. Isroil hindistonliklarni 5000 dan ortiq turli vazifalarga taklif qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Hindistonda aholi soni ko‘pligi uchun ishsizlik muammo bo‘lib qolmoqda. Ayni paytda barcha yoshdagi universitet bitiruvchilarining 15 foizi, 25 yoshgacha bo‘lgan bitiruvchilarning 42 foizi ishsiz.
Hukumatning o‘tgan yili e’lon qilingan ma’lumotlariga ko‘ra, 13 millionga yaqin hindistonlik chet eldan rizqini terib yuribdi.