Kinematografiya agentligi tomonidan mashhur kinorejissyor Shuhrat Abbosovning tavallud kuni munosabati bilan “Shuhrat Abbosovni yod etib…” mavzusida xotira kechasi o‘tkazildi. Tadbirda rejissyorning oila a’zolari, shogirdlari va kinoijodkorlar ishtirok etdi.
Xotira kechasi avvalida Shuhrat Abbosov haqidagi yangi hujjatli film namoyish etildi. Filmda kinorejissyorning hayoti va ijodi haqida hikoya qilinadi.
Aytish kerakki, Shuhrat Abbosovning kino olamidagi ilk yutuqlaridan biri “Mahallada duv-duv gap” badiiy filmidir. Kartina 1960 yilda tasvirga olingan bo‘lsa-da, hayotiy voqealar tasvirlangani sababli xalqimiz tomonidan hozir ham sevib tomosha qilinadi. Ayni paytda uning “Sen yetim emassan”, “Toshkent – non shahri” kabi filmlari o‘zbek xalqining mehridaryoligi, bag‘rikengligini hayotiy, yorqin va g‘oyat ta’sirchan tarzda aks ettirgani bilan qadrlidir.
–Keyingi yillar mobaynida otamizning mehnatlarini qadrlash, ularga hurmat-e’tibor ko‘rsatish, xotirasini e’zozlash borasida ko‘pgina savobli ishlar amalga oshirildi, – dedi san’at darg‘asining farzandi Eljon Abbosov. – Bularning bari Prezidentimiz tomonidan ijodkor ziyolilarga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tiborning yana bir namunasidir.