Prezidentimizning 2023 yil 12 dekabrda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligida erkin bozor munosabatlarini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qishloq xo‘jaligida erkin bozor munosabatlarini rivojlantirish, paxta-to‘qimachilik klasterlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni bozor tamoyillari asosida takomillashtirishda muhim qadam bo‘ldi.
Unga ko‘ra, paxta xom ashyosini yetishtiruvchi xo‘jaliklar va klasterlar o‘rtasida mahsulot yetkazib berish bo‘yicha fyuchers shartnomalari tuproq normativlari doirasida respublika tovar-xom ashyo birjasining “paxta xom ashyosi seksiyasi”da har bir hudud bo‘yicha o‘tkaziladigan savdolar natijalariga qarab tuziladigan bo‘ldi.
Endilikda paxta yetishtiruvchi shartnomada ko‘rsatilgan hajmdan ko‘p yetishtirilgan paxta xom ashyosini shartnoma tuzmagan holda ham birja orqali tadbirkorga sotishi mumkin. Fermer xo‘jaligi yer ijarasi, fyuchers va kredit shartnomalarida ko‘rsatilgan majburiyatlarini bajara olmasa, o‘z mol-mulki yetarli bo‘lmagan taqdirda fermer xo‘jaligiga mol-mulk qonunchiligiga muvofiq subsidiar javobgarlik yuklatiladi.
Joriy yil hosilidan boshlab, paxta xom ashyosini yetishtirish, paxta yig‘im terimi va xaridini qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi resurslari hisobidan moliyalashtiriladi. Yangidan tashkil etiladigan respublika shtabi paxta hosilini sotib olish va sotish bo‘yicha yangi tizimning shaffofligi, to‘laqonli va adolatli ishlab ketishini hamda paxta yetishtiruvchi manfaatini ta’minlashda mas’ul hisoblanadi. Paxta xom ashyosini yetishtirishni moliyalashtirish ustidan nazorat qilish, saqlash, realizatsiya qilish, mahsulotlarni birja savdosiga chiqarish bilan ham shug‘ullanadi.
Klasterlarni tashkil etishda yangilangan tartib joriy etiladi. Unga ko‘ra klasterlikka talabgorlarga to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, ip kalava, trikotaj mato, gazlama, tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish, bo‘yash quvvatlarini kamida ikki bosqichda yo‘lga qo‘yish talabi qo‘yiladi. Joriy yildan klasterlar va boshqa to‘qimachilik korxonalari tomonidan paxta xom ashyosi to‘liq elektron tarozi orqali qabul qilinadi va paxta tolasini avtomatlashgan majburiy hisobga olish tizimi joriy qilinadi.
2024 yilda paxta hosilidan boshlab elektron tarozi orqali qabul qilingan paxta xom ashyosi va ishlab chiqarilgan paxta tolasini avtomatlashgan majburiy hisobga olish tizimi ishga tushiriladi. Klasterlar va boshqa to‘qimachilik korxonalari tomonidan xarid qilingan paxta xom ashyosi o‘zlarining texnik jihatdan malakaliligi ma’qullangan laboratoriyasida yoki shu talabga javob beradigan boshqa laboratoriyalarda tahlil etilib, qabul qilishga ruxsat etiladi. Fermer xo‘jaliklariga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun avval ajratilgan kreditlar ta’minoti sifatida qabul qilingan klasterlarning kafilligini fermer xo‘jaliklarining likvidli mol-mulk garovi bilan almashtirishga ruxsat beriladi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari bo‘yicha ajratilgan kreditlardan 2024 yildan qaytgan mablag‘lar suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladigan bo‘ldi. Klasterlar fermerlar tomonidan yetishtirilgan paxta hosilini shartnomada belgilangan narxlarda sotib olish va o‘z mablag‘i hisobidan amalga oshiriladigan yakuniy hisob-kitobning 20 foizini moliya yilining 31 dekabriga qadar amalga oshirishga majbur ekanligi fermerlarning yanada samara faoliyat olib borishiga sabab bo‘ladi.
Kengash tegishli soha mutaxassislari bilan birgalikda joylarda fermer xo‘jaliklarining mineral o‘g‘it va yoqilg‘i moylash mahsulotlari bo‘yicha o‘tkaziladigan birja savdolarida ishtirok etishiga ko‘maklashadi. Joylardagi kengashlar tashkilotchiligida qishloq xo‘jaligida erkin bozor munosabatlarini yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari bo‘yicha ma’lumotlarni keng jamoatchilikka yetkazilmoqda Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 23 dekabrdagi “Paxta xom ashyosini yetishtirish va paxta yig‘im-terim xarajatlarini kreditlash hamda ularni realizatsiya qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham paxta xom ashyosini yetishtirish va yig‘im-terim xarajatlarini hamda xarid qilishning yakuniy hisob-kitobini kreditlash, birja savdolari orqali sotishni tartibga solishda muhim qadam bo‘ldi.
Joriy yildan Qishloq xo‘jalik vazirligining “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsiya platformasi tarkibiga kiruvchi “Agroplatforma” AT hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatini yo‘lga qo‘ygach, jamg‘armaning resurslari hisobidan tijorat banklari tomonidan paxta xom ashyosi yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jalik korxonalariga imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Paxta xom ashyosi yetishtirish xarajatlari uchun ajratiladigan kreditlarning miqdori agrotexnik tadbirlar uchun zarur bo‘ladigan mineral o‘g‘itlar, yonilg‘i-moylash materiallari va kimyoviy vositalarning narxlar dinamikasini tahlil etib, agrotexnik xaritalardan kelib chiqqan holda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Jamg‘arma tomonidan oyma-oy belgilanishi moliyaviy ko‘mak ajratishda shaffoflikni ta’minlaydi. Bir so‘z bilan aytganda, klasterlar va fermer xo‘jaliklariga berilayotgan imtiyozlar viloyatlarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, tarmoqda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish iqtisodiyotini yuksaltirish, aholi bandligi va farovonligini oshirishga xizmat qiladi.