“O‘zbekiston-2030” strategiyasining ikkinchi ustuvor yo‘nalishi mamlakatning iqtisodiy o‘sishi va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan. U 17 ta maqsadni o‘z ichiga oladi.
Ushbu yo‘nalishda O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlab, yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga va aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Bu mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi, bank tizimidagi islohotlar va “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish kabi jabhalarda muhim o‘zgarishlarni talab qiladi. Shuningdek, monopol sohalarni bozor tamoyillariga o‘tkazish, iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini oshirish va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish maqsadlari ham belgilangan. Ushbu islohotlar, mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan.
O‘z navbatida “O‘zbekiston-2030” strategiyasini 2023 yilda amalga oshirilishi doirasida qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Strategiyaning 2023 yilda amalga oshirilishi doirasida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar va siyosiy qarorlar mamlakat iqtisodiyotining turli sohalarida tadbirkorlik muhitini yaxshilash, rag‘batlantirish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan. Bularning barchasi mamlakatning uzoq muddatli iqtisodiy rivojlanishiga muhim hissa qo‘shadi va “O‘zbekiston-2030” strategiyasining muvaffaqiyatli amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, 2023 yilda tadbirkorlik sub’ektlariga miqdori 10 million so‘mdan ortiq bo‘lgan soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalarni faqat sud tartibida qo‘llash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani, bu sohadagi tadbirkorlar uchun muhim adolatli qadamdir.
Mazkur o‘zgarish, ayniqsa, kichik va o‘rta biznes uchun muhim, chunki ular eng ko‘p duch keladigan muammolardan biri byurokratik to‘siqlar va noaniq qonunchilik sharoitlaridir. Sud tartibi orqali sanksiyalarni qo‘llash, tadbirkorlarga adolatli va shaffof muhitda o‘z muammolarini hal qilish imkonini beradi.
2024 yil 1 yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar uchun hosilni sug‘urtalashda sug‘urta mukofotining 50 foizi miqdorida subsidiya berish tartibi joriy etilishi, sohadagi xavflarni kamaytiradi va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlaydi. Bu chora-tadbir, ayniqsa, ob-havoning o‘zgaruvchanligi va boshqa tashqi omillar sababli kutilmagan yo‘qotishlarga duch keladigan fermerlar uchun muhimdir. Subsidiyalar, fermerlarni rag‘batlantiradi va ularga zarur moliyaviy yordamni ta’minlaydi, bu esa o‘z navbatida qishloq xo‘jaligi sohasining yanada rivojlanishiga yordam beradi.
“Izlanish va rivojlanish” (R&D) markazlariga beriladigan soliq imtiyozlari ham muhim ahamiyatga ega. Ushbu markazlar 3 yil muddatga mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha hisoblangan summaning faqat 1 foizini to‘lashlari kerak bo‘ladi, bu esa ularning moliyaviy yuklarini ancha yengillatadi.
Bundan tashqari, ularning xodimlari uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz miqdorida hisoblash ham xodimlarning moliyaviy holatini yaxshilaydi va ilmiy tadqiqotlarga ko‘proq mablag‘ sarflash imkonini beradi. Bu chora-tadbirlar, ilmiy va texnologik sohadagi innovatsiyalarni rag‘batlantirib, mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
“O‘zbekiston-2030” strategiyasining turizm sohasidagi amalga oshirilishi muhim bir bosqichga kirmoqda. 2024 yil 1 yanvardan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘liq qaytarib berish tizimining joriy etilishi, turizm sohasida yutuqlarga erishishning yangi bosqichini belgilaydi. Ushbu yangilanishlar turoperatorlar va xorijiy sayyohlarga sezilarli imtiyozlar beradi va O‘zbekistonni xalqaro turistik bozorda yanada raqobatbardosh bo‘lishini ta’minlaydi.
O‘zbekistonda sotib olingan mahsulotlar uchun xorijiy sayyohlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib berish, bu — turistlarni mamlakatda ko‘proq xarid qilishga va iqtisodiyotga ko‘proq pul oqimini ta’minlashga undaydi.
Xorijiy kontragentlar bilan shartnomalar doirasida ko‘rsatilgan eksport xizmatlari uchun turoperatorlarga soliq imtiyozlari beriladi. Bu chora-tadbir turoperatorlarni xalqaro bozorda raqobatbardosh qiladi va mamlakatga ko‘proq turistlarni jalb etishda yordam beradi.
Mazkur o‘zgarishlar O‘zbekistonning turistik salohiyatini oshirish va xalqaro turizm bozoridagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi. Mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiyalash va xalqaro miqyosda obro‘ini oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan hisoblanadi.
“O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida 2023 yilda amalga oshirilgan transport sohasidagi islohotlar mamlakatning infrastrukturasi va iqtisodiy rivojlanishini yangi bosqichga ko‘tarmoqda.
Aviatsiya sohasida 14 ta rezident aviakompaniya mavjudligi, shulardan 11 tasi xususiy aviakompaniyalar ekani muhim ahamiyatga ega. Bu aviatsiya sohasida raqobatni oshirib, xizmatlar sifatini yaxshilashga yordam beradi.
Mahalliy yo‘nalishlardagi parvozlar sonining oshishiga e’tibor ortadi. 13 ta mahalliy yo‘nalishlarda bajarilgan parvozlar sonining haftasiga 236 taga yetkazilishi mamlakat ichida o‘zaro bog‘lanishni kuchaytiradi.
Shaharlararo va xalqaro aviaqatnovlar soni ko‘payadi. Aviaqatnovlar va tashilgan yo‘lovchilar sonining oshishi mamlakat ichida hamda xalqaro miqyosda transport aloqalarini mustahkamlaydi.
2024 yildan boshlab yuk vagonlari va konteynerlarni taqdim etish hamda yuqori tezlikda harakatlanadigan poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmiga o‘tish mamlakatning temir yo‘l transportini yanada samarador qiladi.
Bu islohotlarning amalga oshirilishi, O‘zbekistonning transport tizimini zamonaviylashtirish va xalqaro transport yo‘laklarida muhim o‘rin egallashga qaratilgan. Aviatsiya va temir yo‘l transporti sohalaridagi bu o‘zgarishlar mamlakat ichki va xalqaro iqtisodiy hamkorliklarini mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi.
Strategiya doirasida charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalaridagi islohotlar O‘zbekistonning sanoat sektorini yanada rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish maqsadida amalga oshirilmoqda. Prezident qaroriga ko‘ra, charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohasida eksport qiluvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston bojxona chegarasi orqali mayda shoxli molning yarim tayyor charmini olib chiqishda 2025 yil 1 yanvarga qadar yig‘im undirilmasligi belgilangan. Bu chora-tadbir ushbu sohalarni rag‘batlantirish va ularning xalqaro bozorlarga kirib borishini osonlashtirishga qaratilgan.
“O‘zbekiston-2030” strategiyasining 2023 yilda amalga oshirilgan ishlari doirasida barqaror iqtisodiy o‘sish va aholi farovonligini ta’minlash maqsadida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, turizmni rivojlantirish, transport sohasidagi islohotlar, sanoatni rivojlantirish kabi muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Bu islohotlar, mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishi, xalqaro hamkorliklarning kuchayishi va aholi farovonligining oshishiga qaratilgan. Ularning amalga oshirilishi O‘zbekistonning uzoq muddatli iqtisodiy taraqqiyoti va global miqyosda raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.