Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan O‘zbekiston hududlari uchun istiqbolli eksport bozorlari aniqlandi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra quyidagilar ma’lum bo‘ldi:
Meva-sabzavotlar hamda ulardan tayyorlangan turli xil qiyom va sharbatlar. 2023-yil 4-chorakda Malayziya, Saudiya Arabistoni, Singapur, Ispaniya, Hindiston, Tailand, Germaniya kabi mamlakatlarda meva-sabzavotlar hamda ulardan tayyorlangan turli xil qiyom va sharbatlarga bo‘lgan talab yuqori bo‘ldi.
Ushbu mahsulotlarni eksport qilish bo‘yicha Farg‘ona, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm, Namangan, Qashqadaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi yaxshi imkoniyatga ega bo‘lib, qayd etilgan mamlakatlarga eksportni doimiy ravishda yo‘lga qo‘yish mazkur hududlarning iqtisodiy ahvolini yaxshilashga xizmat qiladi. 2023-yilda jami $1,1 mlrd. miqdorida sabzavotlar ($563,4 mln. ) va mevalar ($547,6 mln.) eksport qilingan.
Ip-gazlama, kiyimlar, kimyoviy tola, gilam va teri mahsulotlari. Ushbu tovarlarga bo‘lgan talab Hindiston, Indoneziya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Niderlandiya, Yaponiya, BAA, AQSH davlatlarida yuqori ekanligi aniqlandi.
Ushbu tovarlarni eksport qilishda nisbiy ustunlikka ega bo‘lgan Namangan, Andijon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Xorazm, Buxoro viloyatlaridagi tadbirkorlar uchun mazkur bozorlarga chiqish imkoniyatlari mavjud.
2023-yilda O‘zbekistonning to‘qimachilik materiallari va mahsulotlari eksporti $3,17 mlrd. ni tashkil etdi.
O‘g‘itlar, kimyoviy mahsulotlar. O‘zbekiston ushbu mahsulotlarini ishlab chiqarishda ham nisbiy ustunlikka ega bo‘lib, mazkur mahsulotlarga asosan Germaniya, Gresiya, Gong Kong, Filippin, Singapur, AQSH, Yaponiya, BAA, Turkiya, Avstraliya, Buyuk Britaniya davlatlarida talab yuqori.
Farg‘ona va Navoiy viloyatlari hamda Toshkent shahri tadbirkorlari ushbu mahsulotlarni nisbatan pastroq xarajatlar evaziga eksport qilishi mumkin. 2023-yilda o‘g‘itlar eksporti $337 mln. tashkil qildi.
Qurilish materiallari, rux mahsulotlari va mis mahsulotlari. Hindiston, AQSH, Germaniya, Niderlandiya, Italiya, BAA, Koreya Respublikasi, Vyetnam mamlakatlaridagi ko‘pgina buyurtmachilarga qurilish materiallari, rux mahsulotlari va mis mahsulotlari zarur ekanligi aniqlandi.
Hududiy RCA indeksiga ko‘ra, ushbu mahsulotlarni eksport qilish Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari, Toshkent shahri hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat olib boruvchi tadbirkorlarga tavsiya etiladi.
Shuni ta’kidlash kerakki, hududlarda transport va eksport infratuzilmasining ushbu potensial bozorlarga chiqish uchun moslashtirilishi, eksportchi korxonalarga yaqindan konsultativ va moliyaviy ko‘mak berilishi eksport ko‘lamining oshishi, samaradorlikning yaxshilanishi, innovasion faoliyatning jadallashishi, aholi turmush darajasining oshishiga xizmat qiladi.
Tadqiqotda www.go4worldbusiness.com vebsahifasi va Statistika agentligi ma’lumotlaridan foylanildi.
Tadqiqot quyidagi bosqichlarda olib borildi:
1) www.go4worldbusiness.com vebsahifasidan 2023-yilning 4-choragida 23420 ta buyurtmachining ma’lumotlari veb skreping orqali tortib olindi;
2) O‘zbekiston eksport qilishda nisbiy ustunlikka ega bo‘lgan tovarlarni aniqlash uchun RCA (revealed comparative advantage) indeksi hisoblanib, indeks yuqori bo‘lgan va jahon bozorida yuqori talab mavjud bo‘lgan 12 xil mahsulot turi tanlab olindi. Tanlangan mahsulotlar uchun hududlarning alohida RCA indekslari hisoblandi (Sirdaryo va Jizzax viloyatlarining HS kod bo‘yicha eksport ma’lumotlari mavjud emasligi sababli tahlil jarayonida foydalanilmadi);
3) O‘zbekiston nisbiy ustunlikka ega bo‘lgan 12 turdagi mahsulotlarga talab yuqori bo‘lgan mamlakatlar aniqlandi hamda ushbu mamlakatlarga eksport qilish salohiyatiga ega hududlar bilan moslashtirildi.