Tojikiston maktablari 10 balllik baholash tizimiga o‘tishga tayyorlanmoqda

Tojikiston maktablari 10 balllik baholash tizimiga o‘tishga tayyorlanmoqda

Tojikistondagi umumta’lim muassasalarida ta’lim yutuqlarini baholashning 10 ballik yangi tizimini joriy etish taklif etilmoqda, deb xabar berdi Respublika Ta’lim va fan vazirligi matbuot xizmati.

Bu masala 9-yanvar kuni Dushanbeda Tojikiston taʼlim va fan vaziri Rahimjon Saidzoda boshchiligidagi ishchi guruhning kengaytirilgan yig‘ilishida asosiy mavzuga aylandi.

Yig‘ilishda ta’lim sohasidagi yetakchi mutaxassislar, jumladan, mamlakatning turli shahar va tumanlaridagi ta’lim boshqarmalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Tojikiston Ta’lim akademiyasi A.Jomiy nomidagi Ta’limni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti rahbari Asadullo Najmiddiyon “Tojikiston Respublikasi ta’lim muassasalarida 10 ballik baholash tizimini joriy etish bo‘yicha qo‘llanma” loyihasini taqdim etdi.

Shuningdek, Respublika o‘quv-uslubiy markazi direktori Rahmonali Mirzozoda so‘zga chiqib, ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini baholash bo‘yicha o‘z fikr va takliflari bilan o‘rtoqlashdi.

Taʼlim va fan vaziri taʼlim sohasida islohotlar zarurligi, maktab o‘quvchilari bilimini baholashning yangi tizimiga o‘tish muhimligiga alohida to‘xtaldi.

Shahar va tumanlar ta’lim bo‘limlari rahbarlari va mutaxassislariga mazkur loyihani amalga oshirishda faol ishtirok etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Hozirda Tojikistonda besh ballik tizim ishlamoqda.