Pomidordan yangi avlod COVID-19 vaksinasi yaratildi

Pomidordan yangi avlod COVID-19 vaksinasi yaratildi

O‘zbek olimlari tomonidan genetik vektorlar va pomidor o‘simligi asosida koronavirus infeksiyasiga qarshi birinchi marta pomidor o‘simligidan to‘g‘ridan to‘g‘ri iste’mol qilinadigan yangi avlod COVID-19 vaksinasi yaratildi.

Olimlar tomonidan koronavirusning S1 antigen oqsilini kodlovchi gen fragmenti maxsus vektorlarga joylashtirilib, pomidor hujayrasi genomiga kiritildi. Bu hujayralardan S1 antigeni oqsilini muntazam ishlab chiqaruvchi pomidor o‘simligi olindi. Bunday o‘simliklardan olingan pomidor mevasida 0.77 mkg/gr miqdorida turg‘un S1 antigen oqsili sintez bo‘lishi ko‘rsatib berildi va TOMAVAC vaksinasi sifatida tanlab olindi.

Yaratilgan TOMAVAC vaksinasi sinovlari sichqonlar va ko‘ngilli insonlar qon zardobida (IgG) hamda ichakda yuqori miqdorlarda neytrallovchi antitanachalar (IgA) hosil bo‘lishini isbotladi.

Bunda tajriba sichqonlarida va ko‘ngillilarda nojo‘ya ta’sirlar kuzatilmadi.

Ushbu tadqiqot TOMAVACni ikki bosqichli (ichak shilliq pardasi va qonda) himoyani ta’minlovchi  xavfsiz vaksinaligini ko‘rsatdi va u birinchi to‘g‘ridan to‘g‘ri iste’mol qilinadigan COVID-19 vaksinasi sifatida ilmiy hamjamiyatga taqdim etildi.

Yaratilgan vektor tizimi va tajriba asosida, zarur hollarda, O‘zbekistonda turli infeksiyalarga qarshi vaksinalarni qisqa muddatlarda yaratish va joriy etish imkoniyati hamda yangi avlod mutaxassislari shakllantirildi.

Vaksina ustidagi tadqiqotlar xorijning nufuzli Frontiers in Nutritional Immunology (IF=5.0) jurnalida nashr qilinib, sichqonlarda hamda ko‘ngilli insonlarda o‘tkazilgan birinchi faza immunogenlik va bioxavfsizlik sinovlari natijasi e’lon qilindi.