Xitoy O‘zbekistonda parrandachilik sanoatini  rivojlantiradi

Xitoy O‘zbekistonda parrandachilik sanoatini  rivojlantiradi

Bugun Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “Parrandasanoat” uyushmasi va Xitoyning  “XINGUANG AGRICULTURE AND ANIMAL HUSBANDRY Co.LTD kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda tomonlar O‘zbekistonda parrandachilik naslchiligini rivojlantirish va mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini oshirish hamda bu borada xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalariga asosiy eʼtibor qaratdi.

Bugungi kunda Xitoy Xalq Respublikasi va O‘zbekiston o‘rtasida do‘stlik aloqalari tobora mustahkamlanib ko‘plab tadbirlar va samarali loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy yuksalish va hamkorlik masalalari yangi bosqichga ko‘tarilib, ko‘p tarmoqli qo‘shma loyihalarni keyingi yillarda amalga oshirilishi sezilarli darajada oshgani hech kimga sir emas.

O‘zbekiston Xitoy davlati uchun ulkan investitsiyalarni jalb etishga qulay bo‘lgan davlat hisoblansa Xitoy davlati O‘zbekiston uchun bozori keng bo‘lgan va mahsulotlar eksport hajmini oshirish uchun ulkan imkoniyatli davlat hisoblanadi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda parranda go‘shtini ishlab chiqarish hajmlarini oshirish uchun go‘sht yo‘nalishidagi parrandalarning 1-tartibli ota-onalik galasi naslchilik korxonasini tashkil etish loyihasini amalga oshirish, naslchilik bazasini mustahkamlash masalasini muhokama qilindi.

Jahon bozorida go‘sht yo‘nalishidagi parrandaning ota-onalik galasining taxminan 85 foizi “Aviagen Group” ga va 15 foizi “Sobb Vantress” genetik kompaniyalari ulushiga to‘g‘ri keladi.

Bugungi kunda, O‘zbekistonda go‘sht yo‘nalishidagi parrandaning 1-tartibli ota-onalik galasi mavjud emas.

Shu sababli, O‘zbekistonga go‘sht yo‘nalishidagi parrandaning 2-tartibli ota-onalik galasini “Aviagen Group” va “Sobb Vantress” genetik kompaniyalarning Vengriya, Gollandiya, Germaniya va boshqa davlatlardagi naslchilik korxonalaridan olib kelmoqda.

Shunga ko‘ra, Xitoy kompaniyasi bilan xamkorlikda Guangming 2 krossini O‘zbekistonda ko‘paytirish orqali parrandaning 2-tartibli ota-onalik galasini import qilishni to‘liq qisqarish hamda genetik kompaniyalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri strategik hamkorlik aloqalari o‘rnatish rejalashtirilgan.

Natijada Markaziy Osiyo davlatlari hamda Afg‘onistonning go‘sht yo‘nalishidagi parrandachilik korxonalariga naslli materiallarni eksport qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi hamda tirik parrandalar va inkubatsion tuxum importi qisqarishi hisobiga parrandalar yuqumli kasalliklari mintaqalararo tarqalishining oldi olinadi.

O‘zbekistonda go‘sht yo‘nalishidagi parrandaning 2-tartibli ota-onalik galasini ko‘paytirish yo‘lga qo‘yiladi hamda parranda go‘shti ishlab chiqarish hajmi oshiriladi.

Muhimi yangi quvvatdagi sanoat ishlab chiqarish ko‘paytirilib, parranda go‘shti 2025 yildan boshlab import qilish to‘liq qisqartirilib, xorijiy davlatlarga jumladan Xitoyga parranda go‘shtini eksport qilish imkoniyatlari kengaytiriladi va shu qatorda parranda boqish madaniyati yuksaladi va zamonaviy texnologiyalar kirib keladi.