Toshkent viloyati Chirchiq shahrida kinologiya xizmati mutaxassislari o‘rtasida “Dog biatlon” musobaqasi bo`lib o`tdi

Toshkent viloyati Chirchiq shahrida kinologiya xizmati mutaxassislari o‘rtasida “Dog biatlon” musobaqasi bo`lib o`tdi

Toshkent viloyati Chirchiq shahrida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi bazasida vazirlik va idoralar kinologiya xizmati mutaxassislari o‘rtasida “ Dog biatlon”  musobaqasi o‘tkazildi.

Unda Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati Davlat Bojxona qo‘mitasi, Ichki Ishlar vazirligi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi jamoalari o‘zaro bellashishdi.

Dastlab musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Mudofaa vazirligi boshqarma boshlig‘i so‘zga chiqib, musobaqa ishtirokchilariga omad tiladi va musobaqani ochiq deb eʼlon qildi.

Shuningdek musobaqaning rasmiy qurʼa tashlash marosimi o‘tkazilib bellashuvlarga start berildi. Ushbu bellashuvlarda nafaqat erkaklar jamoasi balki, ayollar jamoasi ham ishtirok etdi.

Musobaqaning dastlabki kunida ishtirokchilar kichik kalibrli qurolni meʼyoriy jangovar holatga keltirib, 3200 m masofaga xizmat itlari bilan birga yakka tartibda yugurib kelib,  yotgan va tik turgan holatda quroldan o‘q otishdi. Bellashuvning ikkinchi va uchinchi  kunlarida qatnashuvchilar 300 metrli masofaga to‘siqlarni xizmat itlari  bilan yengib o‘tib 1600 metr masofaga (estafeta) jamoa tarkibida yugurishdi. Qizg‘in va shiddatli tarzda kechgan musobaqada Milliy gvardiya kinologiya xizmati mutaxassislari o‘zlariga biriktirilgan xizmat itlari bilan muvaffaqiyatli ishtirok etishdi.

Mazkur musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarda birinchi o‘rinni Mudofaa vazirligi jamoasi, ikkinchi o‘rinni Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari jamoasi egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘ringa Milliy gvardiya jamoasi sazovor bo‘ldi. Ayollar jamoalari o‘rtasida kechgan bahslarda esa Mudofaa vazirligi jamoasi birinchi va ikkinchi o‘rinlarni, Milliy gvardiya jamoasi esa  uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Musobaqa yakunida g‘olib jamoalar tashkilotchilar tomonidan kubok, diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan munosib taqdirlandi.