Gʻarbning gigant kompaniyalari Osiyo bozorlariga «yurish» qilmoqda

Gʻarbning gigant kompaniyalari Osiyo bozorlariga «yurish» qilmoqda

Soʻnggi vaqtlarda Amerika Qoʻshma Shtatlarida joylashgan gigant texnologik kompaniyalar Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga katta qiziqish bildirmoqda.

Jumladan, AQSHning «Microsoft» korporatsiyasi oʻtgan hafta Malayziya, Tailand va Indoneziyaga yoʻnaltiriladigan yirik sarmoyalarini eʼlon qilgandi. Joriy hafta boshida esa «Amazon» kompaniyasi «Cloud» tizimini rivojlantirish uchun Singapurga 9 milliard dollar investitsiya kiritish rejasini ochiqladi. Taʼkidlanishicha, investitsiyalar Singapur korxonalarida har yili 12 mingdan ortiq ishchi oʻrinlarini yaratishi mumkin.

«Nvidia» kompaniyasi bosh direktori Jensen Xuang oʻtgan yilning dekabr oyida Malayziya, Vyetnam va Singapur boʻylab oʻz safarini amalga oshirgan boʻlsa, «Apple» korporatsiya bosh direktori Tim Kuk oʻtgan oy Singapur, Vyetnam va Indoneziyaga tashrif buyurdi.

Dushanba kuni Malayziya Savdo va sarmoya vazirligi «Google» korporatsiya yaqin kelajakda mamlakatga sarmoya kiritish rejalarini eʼlon qilishini aytdi.

Global konsalting firmasi 2030-yilga borib sunʼiy intellekt Janubiy-Sharqiy Osiyo yalpi ichki mahsulotiga qariyb 1 trillion dollar hissa qoʻshishi mumkinligi haqida fikr bildirgan.