Putin “Krokus Siti Xoll”dagi teraktga buyurtma berganlarga yetib borishga vaʼda berdi

Putin “Krokus Siti Xoll”dagi teraktga buyurtma berganlarga yetib borishga vaʼda berdi

Rossiya “Krokus Siti Xoll” konsert zalidagi teraktga buyurtma berganlarga albatta yetib boradi. Bu fikrlarni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ichki ishlar vazirligi kollegiyasining kengaytirilgan yigʻilishida aytib oʻtdi.

Prezidentning soʻzlariga koʻra, huquq-tartibot idoralari nafaqat bevosita jinoyatchilarni, balki teraktning zanjiridagi barcha boʻgʻinlari va yakuniy foyda oluvchilarni ham aniqlashi kerak.

“Hamma narsani sotish ham oson: har qanday maʼlumotni sotib olish va sotish mumkin, shuning uchun biz yakuniy xaridorlarga albatta yetib boramiz”, deya ishontirdi Rossiya rahbari.

Putinning taʼkidlashicha, konsert zalidagi teraktga buyruq berganlar koʻp millatli Rossiyani ichkaridan boʻlmoqchi boʻlgan. Terrorchilar jamiyatda vahima va nafrat solmoqchi, milliy adovat, ksenofobiya, islomofobiyani qoʻzgʻatmoqchi boʻlgan.

“Soʻnggi paytlarda sodir boʻlgan fojiali voqealardan foydalanib, milliy adovat, ksenofobiya, islomofobiya va hokazolarni qoʻzgʻatishga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi”, — deydi Vladimir Putin.

Prezidentning soʻzlariga koʻra, odamlar koʻp toʻplanadigan joylarda – sport inshootlari, transport, savdo markazlari, maktablar, shifoxonalar va universitetlarda xavfsizlikni yangi bosqichga koʻtarish uchun vaziyatni imkon qadar xolis tahlil qilish zarur.

Putin Rossiyaga kelayotganlar uchun asosiy qoidalarni aytib oʻtdi
Rossiya rahbari mamlakatga faqat uning anʼanalarini hurmat qiladiganlar kelishi kerakligini taʼkidladi.

“Rossiyada urf-odatlarimiz, tilimiz, madaniyatimiz, tariximizni hurmat qiladiganlargina yashashi va ishlashlari mumkin”, — deydi Rossiya rahbari.

Uning qoʻshimcha qilishicha, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish Ichki ishlar vazirligi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlishi kerak. Mamlakatda faoliyat yuritayotgan jinoiy sindikatlar transchegaraviy boʻlib, xorijiy razvedka xizmatlari va xalqaro radikal guruhlar emissarlari bilan hamkorlik qiladi.

22-mart kuni kechqurun bir guruh terrorchilar “Piknik” guruhining konserti va raqs sporti boʻyicha Rossiya chempionati boʻlib oʻtayotgan “Krokus Siti Xoll” binosiga hujum qildi. Jinoyatchilar tashrif buyuruvchilarga qarata oʻq uzdi, shuningdek, konsert zaliga oʻt qoʻydi. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, 144 kishi terakt qurboni boʻlgan, yana 695 kishi jarohatlangan.

Terrorchilar 23-martga oʻtar kechasi Bryansk viloyati Karachevskiy tumani Xatsun qishlogʻi yaqinida qoʻlga olindi.