Isroilning havo zarbasi oqibatida Damashqdagi bir necha eronlik diplomat halok boʻldi

Isroilning havo zarbasi oqibatida Damashqdagi bir necha eronlik diplomat halok boʻldi

Isroilning Suriya poytaxti Damashqdagi Eron bosh konsulligiga uyushtirgan havo hujumida bir necha eronlik diplomat halok boʻlgan. Bu haqda Eron davlat telekanali xabar berdi.

Suriya xavfsizlik xizmatidagi manba Isroilning Damashqdagi Eron elchixonasi yaqinidagi binoga bergan zarbasi oqibatida kamida ikki kishi halok boʻlganini maʼlum qildi.

«Reuters» agentligi Livan xavfsizlik kuchlaridagi manbalariga tayanib xabar berishicha, havo hujumida Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi yuqori martabali qoʻmondoni Muhammad Rizo Zahidiy ham halok boʻlgan.

«Tasdiqlanmagan maʼlumotlarga koʻra, Isroilning Eron Islom Respublikasi Damashqdagi Bosh konsulligiga uyushtirgan hujumi oqibatida mamlakatimizning bir qator diplomatlari halok boʻlgan», — deyiladi xabarda.

«Al Ikhbariya» Suriya davlat telekanali xabariga koʻra, Isroil Damashq janubi-gʻarbidagi Al-Mezza hududidagi binoga zarba bergan.

RIA Novosti muxbirining xabar berishicha, Isroil raketa zarbasi Suriya poytaxti Damashqdagi Eron elchixonasi yonidagi uyga kelib tushgan, diplomatik missiya binosiga ham zarar yetgan.

Suriya xavfsizlik xizmatidagi manbaning RIA Novosti agentligiga maʼlum qilishicha, Isroil hujumi oqibatida kamida ikki kishi halok boʻlgan.

Eron matbuoti Isroil havo hujumi bosh konsullik binosi va Damashqdagi Islom respublikasi elchisi qarorgohiga zarba berganini xabar qildi.

«Iranian Nour News»xabariga koʻra, Eronning Suriyadagi elchisi Husayn Akbariy zarbadan jabr koʻrmagan.