Surxondaryoda piyoz pishdi

Surxondaryoda piyoz pishdi

Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida respublikamizda birinchilardan piyoz mahsuloti pishib yetildi.

Surxon vohasining oʻziga xos tabiati va mirishkor dehqonlarining mehnati sabab viloyatda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bozorlarimizga birinchilardan boʻlib yetkazib beriladi. Xususan, muzrabotlik dehqonlar asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan biri — piyozni har yilgidek birinchilardan yetishtirdi.

Ayni paytda tumanning Mehnatobod mahallasida «Bir mahalla — bir mahsulot» tamoyili asosida tomorqa yer egalari 425 gektar maydonga ekilgan piyoz mahsulotini yigʻishtirib olishmoqda. Undan kutilayotgan hosil 10 ming tonnadan ortiqni tashkil etadi.

— Asl kasbim oʻqituvchi, — deydi shu mahallada yashovchi Shavkat Qilichev. — Har yili 30 sotix tomorqamda piyozning ertaki navini yetishtiraman. Bu oilamga yaxshigina qoʻshimcha daromad keltiradi. Shu mehnatimiz ortidan toʻylar qilyapmiz, imoratlar quryapmiz, mashina olyapmiz. Bu yil 20 tonna hosil olishni rejalashtirganman.

Darvoqe, Muzrabot tumanida tashkil etilgan eksportga koʻmaklashuvchi logistika markazi orqali dehqonlar shu yerning oʻzidan mahsulotlarni mahalliy va xorijga eksportini amalga oshirmoqda.