Yilboshi koʻrki

Yilboshi koʻrki

Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida bir qancha xalqlarning turli bayramlari haqida maʼlumotlar keltirib, bu bayramlar dunyoviy va diniy ishlar uchun nishonlab kelinganini qayd etadi. Qadimgi xalqlarning ayyomlari orasida yilning turli fasllari va oylarida nishonlanadiganlari boʻlib, yilning boshlanishini belgilaydigan bayram eng ulug‘i hisoblangan.

Qadimgi forslar yilning boshlanishini “Navroʻz” (“Yangi kun”) deb ataganlar. Bu kun qadimgi davrlarda quyoshning Saraton burjiga kirgan paytida nishonlangan. Keyinroq, taqvim takomillashgach, bu bayram orqaga surilib bahor fasli (Day moh)ning birinchi oyi — Farvardin Moh oyining birinchi kunida nishonlana boshlangan.

Qutlug‘ sanalari va bayramlari fors­larnikiga oʻxshab ketadigan soʻg‘dlarda bahorning birinchi oyi Navsard deb atalib, uning ilk kuni katta Navroʻz hisoblangan. Lekin forslar va soʻg‘dlarda yilni boshlab beradigan bayram — Navroʻz kunini belgilashda tafovutlar boʻlgan. Bu ushbu mamlakatlardagi amaldagi taqvimlar bilan bog‘liq edi.

Qadimgi Turon sivilizatsiyasining rivojida oʻziga xos oʻrin tutgan Qadimgi Xorazmda ham koʻplab bayramlar boʻlgan. Xorazmliklarning dinga aloqasi boʻlmagan bayramlari orasida bahorning birinchi oyi — Navsarji oyining birinchi kunida nishonlanadigan Yilboshi bayrami ulug‘ bayramlardan biri sanalgan. Bu haqda Beruniy oʻz asarida (XI bob) maʼlumot berib oʻtgan. Shu oʻrinda osmon ilmlarini, yerning quyosh atrofidagi harakatini 12 ta burjga boʻlib chiqqan qadimgi turklarda Yilboshi bayrami bahorgi tengkunlikka — 21-martga toʻg‘ri kelganini alohida qayd etib oʻtish kerak.

Mahmud Koshg‘ariy oʻzining mashhur “Devoni lug‘otit-turk” asarida qadimgi turklarning bayramlari bilan bog‘liq muhim maʼlumotlarni keltirib oʻtadi. Ular orasida bahorgi tengkunlik bayrami — Yilboshi bayramiga atab tay­yorlanadigan taom — “sumaloq” haqidagi maʼlumot gʻoyat eʼtiborlidir. Mahmud Koshg‘ariy xalqimiz oshpazlik (kulinariya) sanʼatining shoh taomlaridan boʻlgan “sumaloq” atamasining qadim turkiy soʻzligini urg‘ulab, uning nomlanishi asosi “suma”, yaʼni suvda ivitib undirilgan bug‘doy ekanini qayd etadi. Suvda ivitilgan bug‘doy qalin oʻt boʻlib unib chiqqandan keyin unga “loq” soʻz yasovchisi qoʻshilib, “suma+loq”, deb nomlangan. Hozirda ham oʻzbek tilida “oʻt+loq” atamasi bilan oʻt oʻsgan maydon atalib kelinishini hisobga olsak, “sumaloq” nomining qadimiy turkiy atama ekani oydinlashadi.

Bugungi kunda jamiyatimizda bu atama “sumalak” tarzida qoʻllanilib, uning asosida forsiy “se-malak” — “oʻttiz malak” tushunchasi yotadi, degan g‘ayri ilmiy tushuncha keng yoyilgan. Vaholanki, “malak” atamasi tilimizga islom davrida arab tilidan kirib kelgan boʻlib, bu tushuncha forslarda “farishta” nomi bilan ataladi. “Malak” soʻzining arabiy ekanini, arab kulinariya sanʼatida sumaloq/sumalak, deya nomlanuvchi taomning mavjud emasligini hisobga olsak, “sumalak” atamasi na forsiy va na arabiy soʻz ekani ang­lashiladi. Shu sababli, bu qadimiy taomning asl turkiy nomi — “sumaloq” atamasini xalqimizga qaytarish ustida ishlash maʼrifatparvar ziyolilarimiz vazifasi sifatida qarash payti keldi.

Oʻzbekistonning janubiy viloyatlarida bahorgi tengkunlik bayramini “Yilboshi” nomi bilan nishonlash saqlanib qolgan. Milliy qadriyatlar tiklanayotgan, asl tariximiz qaytayotgan yangi Oʻzbekistonda bahorgi ulug‘ bayram — “Yilboshi” bayrami nomini ham “Navroʻz” atamasi bilan birga mamlakatimizda va umumturkiy dunyoda keng yoyish kerak. Bunda Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi asoslari yaratilgan mamlakatimiz yalovbardor boʻlishi, yangi Oʻzbekiston olimlari tashabbus koʻrsatishi kerak.

Astronomiya ilmi rivojlangan bugungi kunda Yerning quyosh atrofidagi harakatining yangi sikli 21-mart kunidan boshlanishi, bu harakat 365 kun, yaʼni 1 yil davom etishi maʼlum. Bu ham qadimgi ajdodlarimizning aniq fanlar sohasida, xususan, osmon jismlari harakatini oʻrganishda oʻz davri uchun ilg‘or bilimlarga ega boʻlganidan, qoʻshni oʻlkalar va mamlakatlarga maʼrifat tarqatganliklaridan dalolat.

Shu oʻrinda, tilshunos olimlarimizning arabiy soʻz sifatida tilimizga kirib kelgan “ilm” soʻzi asosida qadimgi turkiy soʻz — “bilim” tushunchasi yotgani haqidagi fikrlarini ham esga olish kerak. Bu haqda qadim tariximizdagi mavjud boʻlgan “Bilgamish”, “Bilga Haqon” atamalari va boshqalar misol boʻla oladi.

Yangi Oʻzbekistonga kirib kelgan bahoriy ulug‘ bayram, yangi yil — Navroʻz bois bu maʼlumotlarni yosh avlod ongiga singdirish orqali boy tariximiz, betakror qadriyatlarimiz, muqaddas bayramlarimiz haqidagi bilimlarni keng yoyish taʼlim tizimi oldidagi vazifalardan biri boʻlishi kerak.