Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlashdagi dolzarb masalalar

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlashdagi dolzarb masalalar

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlashga oid masalani o‘rganib chiqdi.

Tadqiqot davomida quyidagilar aniqlandi:

Bugungi kunda O‘zbekistonda mehnatga layoqatli yoshdagi nogironligi bo‘lgan 755 ming nafardan ortiq kishi istiqomat qiladi (ularning 56 foizi erkaklar). Ular orasidagi bandlik darajasi 3,7 foizni tashkil etmoqda.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar asosan sanoat (33,6 foiz), ta’lim (15,4 foiz) va sog‘liqni saqlash (11,7 foiz) tarmoqlarida faoliyat yuritadi.

Tadqiqot doirasida MHTI mutaxassislari tomonidan mehnatga layoqatli yoshdagi nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida so‘rov o‘tkazildi. So‘rovda nogironligi bo‘lgan 161 kishi ishtirok etdi. Ularning 40,4 foizini erkaklar, 59,6 foizini ayollar tashkil etadi va o‘rtacha yoshi 43,5 yoshga teng. Ishtirok etganlarning 14,4 foizi I guruh, 84,5 foizi II guruh va 3,1 foizi III guruh nogironligi bor fuqarolardir.

So‘rovda ishtirok etganlarning 43,8 foizi mehnat daftarchasiga ega ekanligini bildirgan, lekin hozir bor-yo‘g‘i 8 foizi iqtisodiyotda band, 3,1 foizi esa umuman ishlamagan.

Respondentlarning 55,3 foizi nogironlik guruhi belgilanganidan so‘ng ishdan ketishga yoki ish o‘rnini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan. 16,8 foizi nogironlik ularning ish o‘rniga hech qanday ta’sir qilmaganini bildirgan (ularning orasida 14,8 foizi tug‘ma nogiron).

Ish topishda qanday qiyinchiliklarga duch kelyapsiz, degan savolga respondentlarning 7 foizi sog‘ligi yaxshi emasligi, 6,2 foizi nogironlik bo‘yicha cheklovlar mavjudligi va 3,9 foizi bo‘sh ish o‘rinlari yo‘qligini bildirgan. Respondentlarning faqatgina 14,8 foizi kasbga qayta tayyorlanish va malaka oshirish istagini bildirgan.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar orasida bandlik darajasini oshirish uchun hukumat tomonidan nimalar qilinishi kerak, degan savolga respondentlarning 8,7 foizi ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumot berib borish, 7,5 foizi kasbga tayyorlash kurslarida o‘qitish va 6,8 foizi tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda yordam berish, deb javob bergan.

O‘tkazilgan tahlil va so‘rov natijalari O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar orasida bandlik darajasining pastligiga imkoniyati cheklanganlar uchun ish o‘rinlarining kamligi, yaxshi sharoit yaratilmagani, ish o‘rinlari, imtiyozlar, bandlikka ko‘maklashish markazlari to‘g‘risida ma’lumotlarning yetarli emasligi va imkoniyati cheklanganlarning ish malakasi pastligi asosiy sabab bo‘layotganini ko‘rsatdi.

Batafsil