Oʻzbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlovchi markaz faoliyat boshladi

Oʻzbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlovchi markaz faoliyat boshladi

Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hududida Oʻzbekiston va Oʻmon sultonligi hamkorligidagi qishloq xoʻjaligida qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratish va oziq-ovqat sanoatida sifat nazoratini taʼminlash boʻyicha laboratoriya tizimini ham qamrab olgan yirik yangi agroxizmat markazining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Uning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Alisher Shukurov, Oʻmon sultonligi vakillari, diplomatlar, Agroxizmatlar markazlari rahbarlari va tadbirkorlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Mazkur markazning asosiy maqsadi bugungi kunda Oʻzbekistonda yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash jarayonidagi sifat nazoratini taʼminlashdan iborat. Bundan tashqari, u mahsulot yetishtirish jarayoni, yaʼni, suv, tuproq tahlillari va qayta ishlashda turli qoʻshiladigan kimyoviy moddalar hamda ingrediyentlar xalqaro standartlarga javob berishi nazoratini amalga oshiradigan laboratoriya ham hisoblanadi. Taʼkidlash oʻrinliki, u oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlashda Oʻzbekistonda dastlabki akkreditatsiyadan oʻtgan xalqaro markaz hisoblanadi. Bu yerda “Organik”, “Globalgap ”, “Halol”, “ISO” kabi xalqaro sertifikatlari ham beriladi.

Markaz bosh ofisi Oʻmonda joylashgan “Atyab International Services” tashkilotining Oʻzbekistondagi filiali sifatida tashkil etildi. “Atyab International Services” qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoatida yuzga yaqin turdagi xizmatlarni koʻrsatadi. Tashkilot laboratoriyalari xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazilgan boʻlib, ularning imkoniyatlari qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibidagi barcha moddalarni aniqlay oladi. Demak, Oʻzbekistonga import yoki eksport qilinayotgan mahsulotlarning sifat darajasini yuqori aniqlikda tahlil qilish imkoni yaratilmoqda.

Ushbu markazda tadbirkorlar uchun katta qulaylik yaratilgan. Endilikda eksport bilan shugʻullanadigan tadbirkorlar oʻz mahsulotlari uchun jahon bozorida talab qilinadigan sertifikatlarni shu yerdan olishlari mumkin.