“Matonatli xotin-qizlar ko‘pligidan xursandman” — Saida Mirziyoyeva

“Matonatli xotin-qizlar ko‘pligidan xursandman” — Saida Mirziyoyeva

O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida turli jabhalarda yuqori marralarni egallab kelayotgan ayollar bilan ko‘rishdi.

“Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida turli jabhalarda faoliyat olib borayotgan, o‘zi yuksak marralarni egallabgina qolmay, boshqalarni ham maqsad va orzular sari ilhomlantirayotgan ajoyib ayollar bilan ko‘rishdik.

Uchrashuv davomida tajribamiz, yutuqlarimiz, motivatsiya va muvaffaqiyat sirlari bilan o‘rtoqlashdik. Shuningdek, madaniy, ijtimoiy va boshqa sohalarda tez-tez uchrayotgan, hali ham yechimini topmagan muammolarni ko‘rib chiqdik”, — deb yozdi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonda matonatli, qatʼiyatli xotin-qizlar ko‘pligidan xursandligini aytib, muammolarni ko‘tarishdan cho‘chimaydigan, ularni hal etishga intiladigan ayollarga minnatdorchilik bildirdi.

“Yurtimizda ana shunday samimiy, mehribon, matonatli, qatʼiyatli xotin-qizlar ko‘pligidan xursandman. Ular o‘zlarini to‘laqonli namoyon etib, maqsadlari yo‘lida dadil qadam qo‘ymoqdalar. Muammolarni ko‘tarishdan cho‘chimaydigan, ularni hal etishga intilib, bugunimiz va kelajagimizni o‘zgartirishga hissa qo‘shayotgan har bir opa-singlimizga minnatdorlik bildiraman”, — dedi u.