Poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuida “Qurilish – UzBuild 2024″ xalqaro koʻrgazmasi oʻz ishini boshladi

Poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuida “Qurilish – UzBuild 2024″ xalqaro koʻrgazmasi oʻz ishini boshladi

“Iteca Exhibitions” xalqaro koʻrgazmalar kompaniyasi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda 19 mamlakatdan 450 dan ortiq kompaniya oʻz imkoniyatlarini namoyish etmoqda.

Koʻrgazmaning tantanali ochilish marosimida qayd etilganidek, mazkur xalqaro tadbir mahalliy va xorijlik ishlab chiqaruvchilarni bir maqsadga birlashtiradi. Shuningdek, koʻrgazma ularni muloqot qilishga, bir-birining faoliyati bilan tanishishga va hamkorlikka undashga xizmat qiladi.

Poytaxtimizda 25-marotaba oʻtkazilayotgan mazkur koʻrgazma sohadagi eng ilgʻor yutuqlar, zamonaviy texnologiyalar, qurilish materiallari, santexnika va kommunikatsiyalardan tortib, mebel va maishiy texnikagacha boʻlgan turli xil mahsulotlar namoyishini oʻzida jamlagani bilan ahamiyatlidir. Unda xorijiy ishtirokchilar ulushi 81 foizni tashkil etsa, mahalliy kompaniyalar stendlaridan esa qurilish va pardozlash materiallari sektorlari mahsulotlari, derazalar, eshiklar, fasadlar, sement va beton buyumlar, qurilish aralashmalari, metallurgiya mahsulotlari, izolyatsion materiallar kabi mahsulotlar oʻrin olgan.