Armaniston Kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnomadagi ishtirokini muzlatib qoʻydi

Armaniston Kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnomadagi ishtirokini muzlatib qoʻydi

Armaniston Kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnoma (KXSHT)dagi ishtirokini muzlatib qoʻydi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Nikol Pashinyan maʼlum qildi.

“Bizning fikrimizcha, Armanistonga nisbatan Kollektiv xavfsizlik toʻgʻrisidagi shartnoma, ayniqsa, 2021-2022-yillarda amalga oshirilmadi va bu bizning eʼtiborimiz chetida qolishi mumkin emas. Biz bu kelishuvdagi ishtirokimizni muzlatib qoʻydik. Koʻramiz, keyin nima boʻladi”, — dedi u.

Bungacha Yerevan bir necha bor KXSHT va Moskvani oʻz majburiyatlarini bajarmaganlikda ayblagan edi.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan 2023-yilning 23-noyabr kuni Minskda boʻlib oʻtgan KXSHT sammitida ishtirok etishdan bosh tortdi.

KXSHTga oltita davlat — Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Rossiya va Tojikiston aʼzo.