Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi negizida Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi tashkil etiladi

Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi negizida Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi tashkil etiladi

Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Markaz axborot xizmati rahbari Anvar Haqberdiyev maʼlum qildi.

Milliy markaz tizimida 12 ta ilmiy-tadqiqot institutlari mavjud boʻlib, ular tomonidan 2023-yilda Davlat ilmiy dasturlari doirasida qiymati 42,3 mlrd soʻmlik 81 ta loyiha amalga oshirildi.

Loyihalar doirasida 2023-yilda 14 ta oʻrta tolali gʻoʻza navlari tizmalari yaratilib, Davlat nav sinoviga tavsiya etildi.

Olimlarimiz tomonidan yaratilgan don va dukkakli ekinlarning 6 ta yangi navi istiqbolli deb topildi.

Sabzavot yoʻnalishiga toʻxtaladigan boʻlsak, 12 ta yangi nav yaratilib, 6 ta nav Davlat reyestriga kiritildi. Shuningdek, Oʻzbekiston—Vengriya kartoshka ilmiy markazi bilan hamkorlikda tanlab olingan Vengriya seleksiyasiga mansub 5 ta kartoshka navi davlat reyestriga kiritildi.

Sholichilik tarmogʻida ham samarali ilmiy-tadqiqotlar olib borildi. Natijasiga koʻra 2 ta yangi sholi navi rayonlashtirildi.