Oʻzbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi: Ziyoratchilarning bir qismi qaytarildi, qolgan fuqarolarimiz ham yaqin fursatlarda Vatanimizga yuboriladi

Oʻzbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi: Ziyoratchilarning bir qismi qaytarildi, qolgan fuqarolarimiz ham yaqin fursatlarda Vatanimizga yuboriladi

Oʻzbekistonning Jidda (Saudiya Arabistoni) shahridagi Bosh konsulxonasi Makka va Madina shaharlariga kelgan va Vatanimizga qaytish bilan bogʻliq muayyan qiyinchiliklarga duch kelgan oʻzbekistonlik ziyoratchilar haqida axborot eʼlon qildi.

— Soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda Umra amalini bajarish uchun Makka va Madina shaharlariga kelgan va Vatanimizga qaytish bilan bogʻliq muayyan qiyinchiliklarga duch kelgan oʻzbekistonlik ziyoratchilar haqida maʼlumotlar tarqalmoqda, — deyiladi Tashqi ishlar vazirligi bayonotida. — Taʼkidlash joizki, yurtdoshlarimizning safarlari xususiy sayyohlik kompaniyalari tomonidan tashkil etildi. Mazkur holat aviaqatnovlarni amalga oshirishdagi texnik nosozliklar, shuningdek, turistik kompaniyalarning bu kabi safarlarni tashkil etishda zaruriy malaka va tajribaga ega emasligi tufayli yuzaga kelgan.

Hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va boshqa mutasaddi idoralar bilan birgalikda yurtdoshlarimizni qaytarish boʻyicha barcha choralar koʻrilmoqda, qoʻshimcha reyslar jadvali tuzildi.

2024-yil 4-fevral holatiga koʻra, ziyoratchilarning bir qismi Oʻzbekistonga qaytarildi, qolgan fuqarolarimiz ham yaqin fursatlarda Vatanimizga yuboriladi.

Oʻzbekistonning Ar-Riyozdagi Elchixonasi va Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi vaziyatni oʻz nazoratiga olgan va doimiy ravishda monitoring olib bormoqda hamda yurtdoshlarimizga zarur konsullik, huquqiy va boshqa yordamlarni koʻrsatmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, fuqarolarimizdan xotirjamlikni saqlashga va Saudiya Arabistonidagi amaldagi qoidalarga rioya qilishlariga chaqiramiz, deyiladi konsulxona xabarida.