Qishloq xoʻjaligi eksportini oshirish masalalari koʻrib chiqildi

Qishloq xoʻjaligi eksportini oshirish masalalari koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev meva-sabzavotchilik va oziq-ovqat tarmogʻini rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

2023-yilda mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi 4,1 foiz oʻsgan. Bu sohadagi eksport qariyb 2 milliard dollarni tashkil etgan. Lekin mavjud salohiyat bundan ancha yuqori.

Shu bois davlatimiz rahbari 18-yanvar kuni eksport va sanoat masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida meva-sabzavotchilikka doir vazifalarni ham koʻrsatib oʻtgan edi. Xususan, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligiga yangi salohiyatli bozorlar topish, eksportbop mahsulotlar ekilishini tashkillashtirish boʻyicha ham masʼuliyat belgilandi.

Agentlik tomonidan oʻsimliklarni zararli unsurlardan himoya qilish, fitosanitar toza mahsulotlar yetishtirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha tizimli ishlar qilinmoqda. Jumladan, hududlardagi statsionar va mobil laboratoriyalar orqali 1 million 40 ming gektar yerning tuproq tahlili oʻtkazilib, mineral oʻgʻitlarni qoʻllash meʼyori ilmiy asosda belgilab berildi. Sohada 7 ta yangi axborot tizimi joriy qilinib, 40 ta yoʻnalish raqamlashtirildi.

Xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining 20 million dollarga yaqin grant mablagʻlari jalb etilib, laboratoriya va uskunalar yangilandi. Dala va bogʻlarga kimyoviy ishlov berish, import va eksport mahsulotlarini ekspertizadan oʻtkazish izchil davom ettirilmoqda.

Bunday chora-tadbirlar meva-sabzavotlarimiz sifati va xavfsizligida muhim omil boʻlmoqda. Soʻnggi yillarda 80 ta davlatga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti uchun 620 ta fitosanitar ruxsatlar olindi, ular bilan elektron maʼlumotlar almashinuvi yoʻlga qoʻyildi. “GSP+” tizimi doirasida 200 ming gektar maydon xalqaro talablarga moslashtirildi.

Yigʻilishda joriy yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar muhokama qilindi.

Mutasaddilar sohadagi ishlar koʻlamini kengaytirib, bu yil qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini 3,5 milliard dollarga yetkazish mumkinligini aytdi.

Buning uchun, avvalo, meva-sabzavotlar, poliz ekinlari, uzum va dukkakli mahsulotlar yetishtirish koʻpaytiriladi. Hududlarda yana 20 ta mobil laboratoriya tashkil etilib, “uzagrolab.uz” elektron platformasiga integratsiya qilinadi. Pestitsidlar muomalasidagi barcha jarayonlar raqamlashtirilib, sifatsiz pestitsidlarning yurtimizga olib kelinishi va noqonuniy savdosiga barham beriladi.

6 mingta bogʻ, 3 mingdan ziyod tokzor va dala maydonlari, 344 ta qadoqlash korxonasi xorijiy fitosanitariya talablariga muvofiqlashtiriladi. Yuqori samarali entomofaglar olib kelinib, zararkunanda hasharotlarga qarshi yangi turdagi biologik kurash yoʻlga qoʻyiladi.

Xalqaro hamkorlikni kuchaytirish orqali eksport hajmlari nisbatan qimmat bozorlarga yoʻnaltiriladi. Shuningdek, yana 8 ta davlatga fitosanitar ruxsat olinadi. Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan xalqaro koʻrgazmalarda eksportchi korxonalarimiz ishtiroki kengaytirilib, aniq buyurtmalar shakllantiriladi. Fargʻona, Samarqand va Toshkent xalqaro aeroportlari hududida meva-sabzavot mahsulotlarni eksport qilishga qaratilgan zamonaviy infratuzilmalar tashkil etiladi.

Xorij tajribasi asosida oʻsimliklar himoyasi xodimlarining malakasi oshiriladi. Xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda har bir mahsulotni yetishtirish, saqlash, qadoqlash va yetkazib berish boʻyicha qoʻllanma ishlab chiqiladi.

Davlatimiz rahbari oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, eksportbop mahsulotlar yetishtirish boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berdi.