Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda shaxsiy tomorqa xo‘jaliklarining roli qanday?

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda shaxsiy tomorqa xo‘jaliklarining roli qanday?

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda shaxsiy tomorqa xo‘jaliklarining rolini tahlil qildi.

Bugun O‘zbekistonda 5,5 milliondan ortiq oila o‘z tomorqa xo‘jaligiga ega. Ularning ixtiyorida 505 ming gektardan ortiq yer mavjud. 2024-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, dehqon va shaxsiy tomorqa xo‘jaliklarida 12,8 million boshdan ortiq yirik shoxli qoramol (jami soniga nisbatan 90,8 foiz), 18,7 million bosh qo‘y va echki (77,5 foiz) mavjud.

O‘zbekistonda tomorqa xo‘jaliklari MDH davlatlari, xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan solishtirganda muhim afzalliklarga ega. Iqlim sharoitining o‘xshashligiga qaramasdan, tomorqa xo‘jaliklarining rivojlanish darajasida tafovutni ko‘rish mumkin.

MDH davlatlararo statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda mustaqil ravishda band bo‘lish (shu jumladan tomorqa xo‘jaliklari) tufayli olinadigan daromad ulushi 2022-yilda Qozog‘istondagidan 4,2 barobar, Qirg‘izistondagidan 2,4 barobar va Tojikistondagidan 1,7 barobar ko‘p bo‘lgan.

Tahlillar 2023-yilda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari umumiy hajmining 63,1 foizi dehqon va tomorqa xo‘jaliklarining hissasiga to‘g‘ri kelganini ko‘rsatdi. Shundan dehqonchilik mahsulotlarining ulushi 37,9 foizni, chorvachilik mahsulotlarining ulushi esa 88,4 foizni tashkil etgan.

Yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tarkibida tomorqa xo‘jaliklari ulushining eng yuqori darajasi Navoiy (72,0 foiz), Xorazm (68,3 foiz), Surxondaryo (67,1 foiz) va Toshkent (66,9 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.

2023-yilda yetishtirilgan dehqonchilik mahsulotlari tahlili sabzavotlarning 59,9 foizi, kartoshkaning 69,9 foizi, poliz ekinlarining 39,8 foizi, meva va rezavorlarning 51,4 foizi, uzumning 52,4 foizi dehqon va tomorqa xo‘jaliklarida yetishtirilganini ko‘rsatdi. Chorvachilik mahsulotlari bo‘yicha esa yetishtirilgan go‘shtning 84,9 foizi, sutning 92,8 foizi, tuxumning 57,9 foizi va junning 82,1 foizi ushbu xo‘jaliklar hissasiga to‘g‘ri keldi.

Hududlar kesimida dehqon va tomorqa xo‘jaliklarida go‘sht yetishtirish bo‘yicha eng yuqori ulush Qashqadaryo viloyati (94,8 foiz), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (94,6 foiz) va Jizzax viloyatida (94,3 foiz) kuzatildi. Mazkur toifadagi xo‘jaliklarda sut ishlab chiiqarish bo‘yicha eng yuqori ulush Jizzax (96,4 foiz), Surxondaryo (96,1 foiz) va Qashqadaryo (96,0 foiz) viloyatlarida qayd etildi.

Mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda dehqon va tomorqa xo‘jaliklarning o‘rni katta ekani inobatga olingan holda bu yo‘nalishda davlatning qo‘llab-quvvatlashi kuchaytirildi. Ayniqsa, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalari koronavirus pandemiyasi davrida inqirozga qarshi iqtisodiy va ijtimoiy dasturlarga kiritildi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida bundan keyin ham dehqon xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash belgilangan. Shunga ko‘ra, dehqonlarga sug‘urta mukofotining 50 foizini subsidiyalash tizimini joriy etish, shuningdek, barcha subsidiyalarni “Agrosubsidiya” yagona platformasi orqali «bir qadam» tamoyili asosida berish rejalashtirilgan. Bunda aholi daromadlari va bandligini ta’minlash dehqon va shaxsiy tomorqa xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashdagi eng muhim mezonlar bo‘ladi.