Keshbek tizimi nega joriy qilindi va u o‘zini oqladimi?

Keshbek tizimi nega joriy qilindi va u o‘zini oqladimi?

Bugungi kunda Keshbek amaliyatidan mamlakatimizda ko‘plab aholi foydalanmoqda. Haridining bir foizini qaytarib olmoqda. Davlatimizda joriy qilinganiga 2 yil bo‘lmagan ushbu amaliyot qanchalik o‘zini oqladi? Keshbek joriy qilingach, soliq tizimida qanchalik o‘zgarishlar bo‘ldi? Bugun “Rakurs 24” shu kabi savollar bilan Soliq qo‘mitasi masʼuli bilan suhbatlashdi.

Keshbek sistemasi o‘zini oqladimi?

Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlash bo‘yicha jamoatchilik nazoratiga asoslangan rag‘batlantirish instituti va uning zamonaviy axborot yechimlarining joriy etilishi aholining faolligini oshirib, yashirin tovar aylanmalarini soyadan chiqarishga ijobiy taʼsir ko‘rsatdi.

Bugungi kunga qadar eng ko‘p davlatga soliq to‘lagan korxonalar TOP 20 taligi shakllantirilgan va OAV orqali eʼlon qilingan edi. Unga ko‘ra, 2023 yil yanvar-avgust oylarida Keshbek to‘lash bo‘yicha “Soliq” mobil ilovasida 365,2 mln.ta 1 049,8 mlrd so‘mlik xarid cheklari ro‘yxatga olingan.

Birgina o‘tgan yilning avgust oyida 50,6 mln.ta 157,7 mlrd.so‘mlik xarid cheklariga ro‘yxatga olingan.

Tadbirkorlarning daromadlarida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi

“Mazkur yo‘nalishda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 182,9 minta tadbirkor tomonidan 456 561,4 mlrd.so‘m tovar aylanmasi amalga oshirilgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatgich o‘tgan yilning mos davrida 384 780,6 mlrd.so‘mni tashkil etib, 71 780,8 mlrd.so‘mga yoki 119% ga oshgan” dedi deydi Davlat soliq bosh inspektori Doro Shamsiddinov.

Keshbek tizimidan maqsad qanday edi? Nega hamma cheklar tushmaydi?

Avvalo, keshbek tizimini joriy qilish orqali fuqarolarning amalga oshirgan xaridlari uchun chek olish madaniyatini sezilarli darajada oshirish bo‘lgan.

Sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining bir qismi qaytarib olinishida quyidagi fiskal belgili onlayn nazorat-kassa mashinalari cheklari soliq organlarining maxsus mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi:

—         berilgan kundan boshlab o‘n kalendar kun o‘tgan cheklar;

—         avval ro‘yxatdan o‘tkazilgan yoki sotib olingan tovarlar (xizmatlar) qiymatining bir qismi qaytarilgan cheklar;

—         avtomobil, havo va temir yo‘l chiptalarini sotib olish natijasida olingan, shuningdek, aloqa va kommunal xizmatlar uchun amalga oshirilgan to‘lov cheklari;

—         shubhali xaridorlar reyestriga kiritilgan jismoniy shaxslar cheklari;

—         jismoniy shaxslar tomonidan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslardan xarid qilingan tovarlar (xizmatlar) cheklari.

Keshbek tizimidan jamiyatga qanday foyda bor?

Kichik bo‘lsada xarid summasining bir foizi o‘zingizga qaytariladi – yaʼni daromad.

Bundan tashqari, Siz u biz talab qilgan cheklar tufayli davlatga soliqlar tushumi ko‘payadi.

Masalan, Keshbek tizimi ishga tushishi ortidan 2023 yilning o‘zida 412,5 milliondan ortiq chek chiqarilgan. Mazkur ko‘rsatgich o‘tgan yilning mos davriga 135,1 milliondan ortiqni tashkil etgan, deydi Doro Shamsiddinov. Bu o‘z navbatida soyadagi iqtisod asta-sekinlik bilan bo‘lsada qisqarishiga sabab bo‘ladi – bu ham jamoatchilik nazoratining bir shakli.

Tasdiqlanish jarayonida bo‘lgan keshbeklar qachon tasdiqlanadi?

Tadbirkorlik subyektlari tomonidan  soliq hisobotlari topshirilishi, hisobotlardagi kamchiliklar tuzatilishi, soliq qarzdorligi kamaytirilishi inobatga olinib qolgan Keshbek summalari avtomatik tarzda tasdiqlab boriladi.

Bonuslar va Keshbek o‘rtasidagi farq nima?

Bonuslar qulay savdo marketing vositasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin: kerakli tovarlar guruhi uchun hisob-kitoblarni oshirish, xaridning istalgan tarkibi uchun reklama bonuslarini yig‘ish.

Keshbek — bu xarid uchun pul mablag‘larini xaridorning bank kartasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qaytarishdir. Albatta, bunday mukofot xaridorni xursand qilmay qolmaydi.

Nima uchun soliqqa tortish kerak?

Soliqlar jamiyatda moliya tizimini rivojlantirish uchun zarurdir. Yalpi daromadning kichik qismini olib qo‘yish tufayli davlat byudjetni shakllantirishi, islohotlarni rejalashtirishi va mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishi mumkin.

Soliqdan tushgan pul davlat rivoji uchun sarflanadi. Har bir fuqaro kabi tashkilotlar ham soliqlarni o‘z vaqtida to‘lashi davlat rivoji uchun muhim ahamiyatga ega. Fuqarolarda jamoatchilik nazorati bo‘lishi kerak. Chekni so‘rash orqali siz aynan shu nazoratga o‘z hissangizni qo‘shasiz. Unutmang, bu pullar ertaga sizu biz o‘qiyotgan taʼlim tizimi va yoki davolanishimiz mumkin bo‘lgan sog‘liqni saqlash tizimiga yo‘naltirilishi va bu imkoniyatdan o‘zimiz, yaqinlarimiz foydalanishi mumkin. Shunday ekan, Keshbek olish bilan siz nafaqat oilangiz byujetiga foyda olib kelasiz, balki jamiyat rivojidagi zanjirni ham harakatlantirasiz.

Shaxnoza Xalikova,

Jurnalist.