Qurilish ishlarining 2023-yildagi rivojlanishi qiyosiy tahlil qilindi

Qurilish ishlarining 2023-yildagi rivojlanishi qiyosiy tahlil qilindi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari qurilish ishlari faolligi indeksidan foydalangan holda 2023-yilda qurilish ishlarining rivojlanishini qiyosiy tahlil qildi.

2023-yil yakunlariga ko‘ra, umumiy hajmi 149,9 trln. so‘mga teng bo‘lgan qurilish ishlari bajarildi va 2022-yildagiga nisbatan yuqori o‘sish sur’ati (106,4%) ta’minlandi.

Indeksdan foydalanilgan holda qurilish ishlarining joriy rivojlanish darajasi tahlil qilindi va hududlar reytingi ishlab chiqildi.

Ma’lumot uchun: Qurilish ishlari faolligi indeksi ma’lum bir vaqt oralig‘ida ma’lum bir hududlarda qurilish ishlari bajarilishi hajmining o‘zgarishini aks ettiradi.

Tahlil natijalari Farg‘ona (111,6 foiz), Samarqand (108,9 foiz), Sirdaryo (107,9 foiz), Buxoro (107,5 foiz), Navoiy (107,5 foiz), Jizzax (107,2 foiz), Namangan (107,1 foiz) va Qashqadaryo (107,0 foiz) viloyatlarida qurilish ishlari faolligi indeksi yuqori ekanligini ko‘rsatdi. Qurilish ishlarining jadal rivojlanishini ta’minlash, mazkur hududlarga reytingda yetakchi o‘rinlarni egallash imkonini berdi.

O‘tgan yilda mamlakatning boshqa hududlari ham qurilish sohasida ijobiy natijalarga erishdi.

Qurilish ishlarining umumiy hajmida yirik tashkilotlarning ulushi 25,3 foizni, kichik korxonalar va mikrofirmalarning ulushu 55,2 foizni, norasmiy sektorning ulushi 19,5 foizni tashkil etdi.

2023-yilda iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha tarkibiy jihatdan qurilish ishlarining 70,1 foizini bino va inshootlar qurilishi, 20,6 foizini fuqaro ob’yektlari qurilishi, 9,3 foizini ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari tashkil etdi.

Soha salohiyatining sezilarli darajada ortishi, tegishli tashkiliy-texnik tadbirlarning tizimli tarzda bajarilishi 2024-yilda mamlakatning barcha hududlarida qurilish ishlari dinamikasining ijobiy ko‘rsatkichlarini ta’minlash uchun zarur shart-sharoit yaratadi.