Kredit olib o`z ehtiyoji uchun ishlatgan shaxslar qo`lga olindi

Kredit olib o`z ehtiyoji uchun ishlatgan shaxslar qo`lga olindi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Gʻijduvon tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “I.T.” va “A.L.” MCHJlar rahbari I.K. chorvachilik faoliyatini rivojlantirish uchun hududiy tijorat banki filialidan ajratilgan 4,2 mlrd so‘m kredit mablag‘lari evaziga xarid qilingan chorva mollarini sotib yuborib, ushbu mablag‘larni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Departamentning Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan “O‘zmilliybank” AJ Uchqo‘rg‘on bank xizmati markazining murojaatiga o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Z.7.” MCHJ rahbari J.S., «T.H.» MCHJ rahbari S.T. va boshqalar umumiy ovqatlanish shoxobchasi va tayyor taomlar yetkazib berish xizmatini tashkil etish maqsadida ajratilgan 800 mln so‘m kredit mablag‘ini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “P.T.” MCHJ rahbari U.M., “T.M.”  MCHJ rahbari I.M. va boshqalar tijorat banki filialidan tikuvchilik faoliyatini rivojlantirish va dastgohlar sotib olish uchun ajratilgan kredit mablag‘lari evaziga olingan 800 mln so‘mlik 81 dona va 291,8 ming AQSH dollari qiymatidagi 26 dona tikuv dastgohlarini sotib yuborib, ushbu mablag‘larni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Departamentning Chirchiq shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda AT “Xalq banki” Chirchiq shahar filialidan “I.” MCHJga ajratilgan 735 mln so‘m kredit mablag‘lari evaziga MCHJ rahbari A.E. go‘yoki “M.S” va “Sh.D” MCHJ qum, syement va sheben qabul qilib olganligi to‘g‘risida soxta hujjatlarni rasmiylashtirib, ushbu mablag‘larni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.