Alsgeymer kasalligidan himoyalanishning oson usuli topildi

Alsgeymer kasalligidan himoyalanishning oson usuli topildi

Alsgeymer — koʻproq keksa yoshli insonlarda uchraydigan xastalik. U asta-sekin xotira susayishi, bosh miya faoliyati buzilib, aqliy qobiliyat pasaya borishi bilan namoyon boʻladi.

Yapon olimlari ushbu kasallik yuzasidan olib borgan izlanishlari natijasida oddiy nafas mashqlari orqali uning oldini olish mumkinligini aniqladi.

Tadqiqot uchun 108 nafar koʻngilli jalb etilib, ulardan tegishli qon tahlillari olindi va xastalik xavfini koʻrsatuvchi biomarkerlar tekshirildi.

Keyin ishtirokchilar ikki guruhga ajratildi. Birinchi guruh har kuni oddiy nafas mashqlarini bajarib bordi. Ikkinchi guruh esa aqliy faoliyati va xotira butunligini saqlashga qaratilgan meditatsiya mashgʻulotlari bilan band boʻldi.

Oʻz navbatida, haftada bir bor barcha ishtirokchilar qon tahlillari olinib, Alsgeymer biomarkerlari hisoblangan amiloid-40 va 42 darajalari tekshirib borildi.

Toʻrt haftadan soʻng tadqiqotchilar hayratlanarli natijaga duch keldi. Birinchi guruhdagi nafas olish mashqlari bilan shugʻullanuvchilar qonida beta-amiloid miqdori sezilarli darajada pasaygani aniqlandi. Bu ularda Alsgeymer kasalligi rivojlanish xavfi kamayganidan dalolat beradi.

Ikkinchi guruh natijalari esa xavotirli boʻldi: 4 haftalik tajribadan soʻng ularning qonida beta-amiloidlar darajasi oshgani maʼlum boʻldi.

Shunga asoslanib, yapon olimlari kuniga 10-15 daqiqa nafas olish mashqlarini bajarish Alsgeymer rivojlanishining oldini olishda samarali usul, degan xulosaga keldi.

Eslatib oʻtamiz, JSST maʼlumotlariga koʻra, sayyoramizda har 3 soniyada bir kishi Alsgeymerga chalinadi. Hozir Yer yuzida 50 milliondan ortiq odam ushbu xastalikdan aziyat chekmoqda. 2030-yilga borib bu koʻrsatkich 65 million nafardan oshishi mumkin.