Doniyor Abdumannopov: «Menimcha, hamma «Paxtakor»ning taklifini ikkilanmasdan qabul qilsa kerak»

Doniyor Abdumannopov: «Menimcha, hamma «Paxtakor»ning taklifini ikkilanmasdan qabul qilsa kerak»

Iqtidorli yarim himoyachi Doniyor Abdumannopov yangi mavsumni “Paxtakor” klubida boshlashini bilsangiz kerak. O‘tgan mavsumni “Navbahor”da tugatgan o‘yinchi endi “Sherlar”ga aylandi. Shundan so‘ng Abdumannopov Sports.uz saytiga intervyu berdi.

— Doniyor, siz chempion jamoaga o‘tdingiz. Ushbu taklif qachon bo‘lgandi va hammasi qanday yuz berdi?

— Talkif oldin ham bo‘lgan. O‘tgan yili ikkinchi davrada “Navbahor”ga o‘tishimdan avval ham “Paxtakor”dan takliflar tushgan. Maqsadim elitada to‘p surish va chetda omadimni sinab ko‘rish. Men futbolchi sifatida yanada o‘sishim uchun “Paxtakor”ni tanladim. Umid qilamanki, bu klub faoliyatimda tramplin bo‘ladi.

— “Paxtakor”da o‘zingiz uchun raqam tanladingizmi?

— Ha, 33-raqamda to‘p suraman.

— Faoliyatingizni kuzatar ekanmiz, asosan 33-raqamda o‘ynaysiz. Bu siz uchun nimani anglatadi?

— Boshqa raqamda ham to‘p surganman, asosan ikkinchi davrada boshqa klubga o‘tganimda bu bandligi uchun boshqasida o‘ynaganman. Katta futbolga kirib kelganimda birinchi bo‘lib 33-raqamda boshlaganman. Shu bo‘yi qolib ketgan va o‘zimga ham yoqib qolgan.

— “Paxtakor” O‘zbekistonning bayroqdori. Ilk bor chempion jamoaga o‘tdingiz. Siz uchun qanday tuyulyapti, uning salobati sezilyaptimi?

— Ha, albatta. Menimcha, hamma “Paxtakor”ning taklifini ikkilanmasdan qabul qilsa kerak. Klub har yili chempionlik uchun kurashadi. “Paxtakor” O‘zbekistonning birinchi raqamli jamoasi. Klubni hamma biladi, xorijda ham yaxshi bilishadi. Aytib o‘tganimdek, men uchun yaxshi tramplin bo‘ladi. “Paxtakor” bilan chempionlikni qo‘lga kiritmoqchiman. Maqsadim o‘zimni har tomonlama ko‘rsatish.

— O‘tgan yili mavsumni “Bunyodkor”da boshlab, “Navbahor”da tugatdingiz. Nimasi bilan yodda qoldi yoki aksincha…

— O‘tgan yili men uchun yaxshi o‘tdi. Birinchi marta Osiyo Chempionlar ligasida to‘p surdim. Ilgari sira o‘ynamagandim. Menimcha, 2023 yilgi mavsum yaxshi bo‘ldi, deb o‘ylayman.

— “Navbahor”da ham siz uchun hammasi yaxshi edi. U erdan nima uchun ketdingiz?

— O‘ynash imkoniyatim 50×50 bo‘ldi. Bu erga ikkinchi davraga raqobatga tayyor bo‘lib kelganman. Shunchaki, jamoadan ketishni o‘zim xohladim.

— Rosti, sizni legioner sifatida chetda to‘p surishingizni kutgandim…

— Ha, chetdan variantlar bo‘ldi. Ammo yana O‘zbekistonda barqaror o‘ynab, tajribamni yanada oshirib keyin ketmoqchiman.

— Aynan qaerdan takliflar bo‘lgandi?

— Agentlarim bilishadi. Turkiyadan deb aytishdi. Yana bir-ikkita joyni aytishdi. Qiziq edi. Ammo agentim ham yana O‘zbekiston chempionatida qolib, o‘zimni ko‘rsatishim muhimligini ta’kidladilar.