Qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini muomalaga kiritilishining oldi olindi

Qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini muomalaga kiritilishining oldi olindi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Bulung‘ur tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda tumandagi “O.i.” va “SH.h.” MCHJlarga qarashli savdo do‘konlarida har xil turdagi jami 5 018 dona qalbaki aksiz markali iste’molga yaroqsiz alkogol mahsulotlari sotuvga qo‘yilganligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va YHXB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Cobalt” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, fuqaro U.Q. qo‘lbola usulda tayyorlangan 666 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotini Nukus shahrida sotish maqsadida olib kelayotganligi aniqlangan.

Departamentning Qibray tuman bo‘limi, IIB va Soliq inspeksiyasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda tumandagi “O.” MFY hududidagi xonadonlardan birida yashovchi R.Q. alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanib kelayotganligini aniqlanib, uning xonadonidan 434 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.