Bir yillik tajriba ish haqining 1,8 foiz oshishiga olib keladi

Bir yillik tajriba ish haqining 1,8 foiz oshishiga olib keladi

Xalqimizning turmush tarziga nazar tashlaydigan bo‘lsak, zamonlar osha sayqal topib kelayotgan udum va an’analari, qadriyatlari qatorida yelkadoshlikni ham ko‘rish mumkin. Yelkadoshlik har qanday vaziyatda ham insonlarni o‘zaro birdam va bahamjihat yashashga undab, ular o‘rtasida mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlaydigan qadriyatlardan biri hisoblanadi.

Iqtisodiy nuqtayi nazardan yelkadoshlik jamoa bilan umumiy maqsad yo‘lida ishlash, o‘zaro bir-birini qo‘llab-quvvatlash va ko‘maklashishdir. Yelkadoshlik ish samaradorligini oshirish orqali iqtisodiy samaradorlikka erishishda yordam beradi. Shu bois ham har qanday tashkilot yoki muassasada jamoaviy ish muvaffaqiyatga hissa qo‘shadigan qadriyat sifatida keng tan olingan.

MHTI mutaxassislari jamoaviy ish omili ishchilarning ish haqiga qanday ta’sir qilishini ekonometrik model asosida tahlil qildi. Bunda MHTI xodimlari tomonidan o‘tkazilgan «Jamoaviy ishlash qobiliyatini baholash so‘rovnomasi» deb ataluvchi so‘rov natijalaridan foydalanildi. Unda jami 2356 nafar respondent qatnashdi.

Jamoaviy ishlash indeksi (teamwork) hamkorlikda ishlash bilan bog‘liq 9 ta savol yig‘indisiga asoslandi.

Tadqiqot natijalari jamoaviy ishlash indeksi ish haqi miqdoriga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rsatdi, ya’ni indeksning 1 bandga ko‘tarilishi ish haqining 0,9 foiz oshishiga hissa qo‘shadi. Shu bilan birga, qo‘shimcha 1 yillik tajriba ish haqining 1,8 foiz oshishiga olib keladi. Model natijalarining aniqligini baholashda multikollinearlik va geteroskedastiklik testlaridan foydalanildi.

Demak, atrofingizdagilarni qo‘llab-quvvatlang, ularga yordam taklif qiling va fikriga quloq tuting. Boshqalarning muvaffaqiyatidan mamnun ekanligingizni bildiring va zarurat sezilsa, ularga dalda berib turing. Jamoada hamkorlik va ishchanlik muhitini shakllantiring.