Loyihalardan voz kechilib, hududlar xususiyati hisobga olinadi

Yo‘lsozlikda namunaviy loyihalardan voz kechilib, hududlar xususiyati e’tiborga olinmoqda
Ravon yo‘llar aholi turmush farovonligi, mamlakat taraqqiyotini belgilovchi mezonlardan biri sanaladi. Zero, yo‘l ravon va tekis bo‘lsa, ko‘zlangan manzilga bexavotir, ko‘ngil xotirjam holda yetib borish mumkin. Keng va ravon yo‘llar manzilimizni yaqin qilib, xavfsizligimizni ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu bois, so‘nggi yillarda yurtimizda iqtisodiyotning “qon tomiri” bo‘lgan avtomobil yo‘llari sohasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, mamlakatimizda zamonaviy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish, jahon talablariga javob bera oladigan yangi yo‘llar qurish borasida jadal ishlar olib borilmoqda.

Agar raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2009-2016-yillarda 9 trillion so‘m evaziga ming kilometrdan ko‘proq yo‘l qurilgan va 20 ming kilometr ta’mirlangan bo‘lsa, so‘nggi sakkiz yilda bu ko‘rsatkichlar 6 barobargacha o‘sgan. Ya’ni, sohaga 58 trillion so‘m ajratilib, 2 ming kilometr yo‘l barpo etilgan, 100 ming kilometri ta’mirlangan.

Prezidentimizning 2023-yil 10-oktyabrdagi “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yo‘l xo‘jaligini boshqarishning zamonaviy tizimini yaratish va raqamlashtirish, sohada sifat nazoratini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, yurtimizda yo‘llarni ilmga asoslanib, zamonaviy yondashuvlar asosida qurishga e’tibor kuchaydi. Masalan, loyiha hujjatlarining namunaviy andozalaridan voz kechilib, har bir hududning geologik va ekologik xususiyatidan kelib chiqish usuliga o‘tildi. Yangi turdagi asfalt-beton, sement-beton qoplamalar joriy etilgani ham bugun o‘zini to‘la oqlayapti.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” kabi mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan dasturlar doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar xalqimiz hayotini o‘zgartirib, yurtdoshlarimizning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga zamin yaratdi. Bugun obod mahalla va qishloqlarda yangi hayot nafasi ufurib, odamlarni yaxshiliklar sari undamoqda.

Bugun bu o‘zgarishlarni odamlar o‘z kundalik hayotida sezmoqda, his etmoqda. Islohotlar samarasini uzog‘imizni yaqin qiladigan transport vositalariyu ravon yo‘llar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Chunki o‘tgan davrda yurtimizda keng va ravon ko‘priklar, yer osti va yer usti yo‘llarini qurish ko‘lami va sifati tobora ortib borayotir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 16-oktyabr kuni yo‘l xo‘jaligi sohasida qilingan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishish davomida ushbu masalalarga alohida e’tibor qaratilib, sohani rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Boisi sifatli yo‘l odamlarning kayfiyati va iqtisodiyotimiz “arteriyasi” hisoblanadi. Oxirgi yillarda yo‘l qurilishiga yangicha yondashuvlarni joriy qilib, sifatni oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani sababi ham shunda.

BMTning tahliliga ko‘ra, sifatli yo‘llar O‘zbekiston iqtisodiyotining kamida 2 foiz o‘sishiga turtki beradi. Bugungi kunda xalqaro moliya tashkilotlari bilan 729 kilometr yo‘lni rekonstruksiya qilish bo‘yicha 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Jumladan, yaqin kunlarda “Qo‘ng‘irot — Beynau” yo‘nalishidagi 240 kilometr yo‘l foydalanishga topshiriladi.

Keyingi yillarda ushbu sohaga xususiy sektor vakillari ham keng jalb qilinayotgani yaxshi samara berayapti. Xususan, hududlardagi jami 260 kilometr yo‘llarning ekspluatatsiyasi autsorsing asosida tadbirkorlarga berildi. Osiyo taraqqiyot banki loyihasi doirasida 841 kilometr yo‘l qurilishida ilk bor to‘liq mahalliy pudratchilar qatnashishiga kelishildi.

Bilamizki, ko‘priklar manzillarni bir-biriga bog‘lab, xalqimizga qulaylik yaratadi, shaharlarimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadi. Eng muhimi, xalqimiz azaldan yo‘l, ko‘prik qurishni eng savobli amallardan, deb biladi. Chunki yo‘l, ko‘prik qurganlarning mehnati ulug‘lanadi. Bunday qurilishlar orqali odamlarning mushkuli oson bo‘ladi.

Shu nuqtayi nazardan, so‘nggi yillarda mamlakatimizda xalqaro standartlarga muvofiq yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy avtomobil yo‘llari, ko‘priklar qurish, yo‘lda harakatlanish qulayligi va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Xususan, aholiga qulayliklar yaratish, tirbandliklarning oldini olish maqsadida poytaxtimizda zamonaviy ko‘priklar, yer usti metrosi, yangi yo‘llar bunyod etildi. Bu esa, o‘z navbatida, aholiga yanada qulaylik yaratib, turmush farovonligi oshishiga, vaqt va yonilg‘ini tejab, yo‘llarda tirbandliklar kamayishiga xizmat qilmoqda.

Bugun kim bilan suhbatlashmang, yurtimizda, xususan, poytaxtimizda ko‘priksozlik bo‘yicha bajarilayotgan ishlardan to‘lqinlanib so‘zlaydi, yaratilayotgan shunday imkoniyatlar uchun shukrona keltiradi. Zero, zamon talablariga javob beruvchi tekis yo‘llar, avvalo, aholining uzog‘ini yaqin qilish, vaqti va mablag‘ini tejashga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, bugungi kunda 4 ming 700 ta ko‘prik ta’mirtalab holatda. Yig‘ilishda ushbu masalaga alohida to‘xtalilib, uch yillik dastur ishlab chiqib, ularni bosqichma-bosqich ta’mirlash vazifasi qo‘yildi. Bu o‘z navbatida, kelgusida shahar infratuzilmasini yanada yaxshilab, fuqarolarimizga keng imkoniyatlar yaratadi.

Yo‘llar aholi turmush farovonligi, yurt taraqqiyotini belgilovchi mezonlardan biri. Qayerda yo‘l qurish, ta’mirlash ishlari keng quloch yozsa, o‘sha joyda zamonaviy infratuzilma obyektlari qad rostlab, aholi hayot tarzi yuksalib boraveradi.

Bir so‘z bilan aytganda, bugungi yo‘llarimizni ko‘rib, odamning har kuni safarga chiqqisi, kun sayin chiroy ochib borayotgan shaharlarimizni ziyorat qilgisi keladi. Odamlarning uzog‘ini yaqin qiladigan bu yo‘l hozirgi ulug‘ ayyom kunlarida ochilgani odamlar qalbiga yorug‘lik olib kirib, dillarida rozilik, shukronalik hislarini mavjlantirgani rost. Zotan, yo‘llar ravon bo‘lsa, manzilimiz bexatar, ishimiz oson bo‘ladi.