Oʻzbekistonning Jenevadagi BMT boʻlimi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Eldiyor Toshmatov BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YEIK) ijrochi kotibi Tatyana Molchan bilan uchrashdi.
Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibiga respublikada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Tatyana Molchan mamlakatimizning keyingi yillarda iqtisodiy sohada erishgan yutuqlari, ikki tomonlama hamkorlik mustahkamlanayotganini yuqori baholadi. «Men YEI va Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo, innovatsiyalar, energetika, ekologiya, statistika va boshqa sohalarni rivojlantirish kabi juda yaqin hamkorlikni yuksak qadrlayman», dedi u.
YEIK ijrochi kotibi Komissiya Oʻzbekistonni oʻz vakolatlari doirasidagi barcha sohalarda qoʻllab-quvvatlashga sodiqligini tasdiqladi. Oʻzbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga koʻmaklashish boʻyicha oʻzaro manfaatli ishlarning koʻplab yoʻnalishlari, jumladan, davlat-xususiy sheriklik, barqaror qoʻshilgan qiymat zanjiri, innovatsiyalar va boshqa sohalardagi ishlarning natijalari alohida taʼkidlandi.
Tatyana Molchan, shuningdek, 2024-yil 2-3-may kunlari boʻlib oʻtadigan III Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishini va tashrif davomida respublika vazirlik hamda idoralarida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha bir qator uchrashuvlar oʻtkazishini bildirdi.