IIV internet orqali kelayotgan terrorchilik chaqiriqlari yuzasidan murojaat bilan chiqdi

IIV internet orqali kelayotgan terrorchilik chaqiriqlari yuzasidan murojaat bilan chiqdi

Oxirgi vaqtlarda dunyoning turli mamlakatlarida sodir etilgan terrorchilik harakatlaridan soʻng, respublikamiz hamda qoʻshni davlatlar fuqarolariga internet ijtimoiy tarmoqlari orqali pul mukofoti evaziga savdo va koʻngilochar markazlar, maktablar va boshqa jamoat joylarini minalashtirish taklif qilingan xabarlar kelib tushmoqda.

Bu kabi provokatsion xabarlar asosan “Telegram” messenjeri orqali yuborilib, unda nomaʼlum shaxslar turli miqdorda pul toʻlash, qurol-yarogʻ bilan taʼminlash va harakatlar rejasini yuborishga vaʼda berib, ushbu harakatlarga rad javobini eʼtiborga olmaydilar. Eng xavfli jihati shuki, yovuz niyatli shaxslarning xabarlari koʻp hollarda bolalarga yuborilmoqda. Shuningdek, bolalarning shaxsiy maʼlumotlari orqali ularni qoʻrqitish holatlari kuzatilmoqda. Provokatorlar oʻzlarining fotosuratlari va raqamlarini yashirgan holda faoliyat yuritadilar.

Hurmatli fuqarolar! Agarda Sizga bu kabi xabarlar kelib tushsa vahimaga tushmang va ularni ochiq chatlar, tanishlaringiz va doʻstlaringizga yubormay, darhol “102” raqamiga qoʻngʻiroq qilib, ichki ishlar organlariga xabar bering. Xabar yuboruvchilarni bloklang va ular bilan yozishma va suhbatga kirishmang.

Yodingizda tuting, firibgarlar jamoatchilik orasida vahima uygʻotish uchun bu kabi xatti-harakatlarni amalga oshirmoqda! Respublika huquq-tartibot organlari esa xavfsizlikka boʻlgan har qanday tahdidlarni bartaraf qilish borasida oʻz vakolatlari doirasida barcha choralarni koʻrmoqda.