Maktab imkoniyatlari ikki barobar kengaydi

Maktab imkoniyatlari ikki barobar kengaydi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 5-umumtaʼlim maktabida boʻldi. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida taʼlim tizimi islohotlari eng birinchi vazifa etib belgilangan. Bu boradagi muhim masalalardan biri – oʻquvchi oʻrinlarini koʻpaytirish.

Davlatimiz rahbari yangi muassasalar barpo etish bilan birga, mavjud maktablarning oʻziga qoʻshimcha qavat yoki yonidan bino qurish maqsadga muvofiqligini aytgan edi.

Mazkur 5-maktab ilgari 960 oʻrinli edi. Lekin oʻquvchilar soni 2 mingdan oshardi. Shu bois oʻtgan yili rekonstruksiya qilinib, qoʻshimcha binolar qurildi. Natijada 1 ming 700 ta qoʻshimcha oʻrin paydo boʻldi.

Maktabda 65 ta oʻquv, 12 ta chet tili va 5 ta kompyuter xonasida zamonaviy sharoitlar yaratildi. Oʻquvchilarni aniq fanlar, muhandislik va texnologiyalarga qiziqtiruvchi STEM-laboratoriya va sport zali zarur anjomlar bilan taʼminlandi, kovorking va rekreatsiya hududi tashkil etildi. Maktab kutubxonasida 5 ming 800 dan ortiq ilmiy va badiiy adabiyotlar bor.

Bugun maktabda 2 ming 600 nafarga yaqin oʻquvchi taʼlim olmoqda. Oʻtgan yili 165 nafar bitiruvchidan 163 nafari oliy taʼlimga oʻqishga kirgan.

Yurtimizda oʻgʻil-qizlarni yoshligidanoq kasbga yoʻnaltirishga katta ahamiyat qaratilmoqda. 5-maktabda ham yuqori sinf oʻquvchilari tikuvchilik, pazandachilik, yogʻoch va metallga ishlov berish koʻnikmalarini oʻrganayapti.

Prezident ushbu toʻgaraklardagi sharoitlarni koʻzdan kechirdi.

Toshkent shahri direktorlar kengashi aʼzolari bilan suhbatda oʻqituvchilar mehnati va hurmati haqida soʻz bordi.

– Shunday vaqtlar boʻldiki, pedagoglikka eʼtibor susayib ketdi. Hozir bu sharafli kasbning nufuzini tiklash, ularni moddiy ragʻbatlantirishga harakat qilayapmiz. Yangi Toshkent shahri qurilishini ham Pedagogika universiteti binosiga poydevor qoʻyishdan boshlamoqchimiz. Chunki yangi Oʻzbekistonning birinchi zamini – oʻqituvchilar. Shuning uchun ular doim oʻz ustida ishlashi, bilim va uslublarini rivojlantirib borishi kerak, – dedi davlat rahbari.

Maktabning yangi imkoniyatlaridan toʻla foydalanish, taʼlim sifatini Prezident maktablariga yaqinlashtirgan tarzda oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.