Har kuni dunyoda virusli gepatit bilan kasallangan 3,5 ming nafar bemor vafot etmoqda — JSST

Har kuni dunyoda virusli gepatit bilan kasallangan 3,5 ming nafar bemor vafot etmoqda — JSST

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining 2024-yilgi Gepatit boʻyicha global hisobotiga koʻra, ushbu kasallik qurbonlari soni doimiy ravishda oʻsib bormoqda.

Gepatit yuqumli kasalliklar orasida oʻlim holatlari soni boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinda turadi va yiliga 1,3 million inson shu xastalikdan koʻz yumadi, bu koʻrsatkich sil kasalligidan oʻlim holatlari bilan bir xil.

Butunjahon gepatit sammitida taqdim etilgan ushbu hisobotda diagnostika va davolashning yaxshilanishi, tibbiy mahsulotlarning arzonlashganiga qaramay, kasallikni test qilish va davolash qamrovi ortmayotgani taʼkidlangan. Ammo, agar hozirdan tezkor choralar koʻrilsa, JSSTning 2030-yilgacha gepatitni yoʻq qilish maqsadiga erishish mumkin boʻladi.

187 mamlakatdan olingan yangi maʼlumotlar shuni koʻrsatadiki, virusli gepatitdan oʻlimning taxminiy soni 2019-yildagi 1,1 milliondan 2022-yilda 1,3 millionga koʻpaygan, ularning 83 foiziga gepatit V va 17 foiziga gepatit S sabab boʻlgan. Dunyo boʻylab har kuni V va S gepatitlaridan 3500 nafar kishi vafot etadi.

“Ushbu hisobot xavotirli manzarani aks ettiradi: gepatit infeksiyalarining oldini olish boʻyicha global yutuqlarga qaramay, ulardan oʻlim holatlari koʻpaymoqda, chunki gepatit bilan kasallangan juda kam odamlar tashxisdan oʻtadi va davolanadi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bu tendensiyani bartaraf etish va hayotni saqlab qolish uchun mamlakatlarda mavjud boʻlgan arzon narxlardagi barcha vositalardan foydalanishni qoʻllab-quvvatlashga intilmoqda”, — dedi JSST Bosh direktori Tedros Gebreyesus.

JSSTning yangilangan hisob-kitoblariga koʻra, 2022-yilda gepatit V bilan kasallanganlar 254 million va gepatit S dan aziyat chekkuvchilar esa 50 million nafarni tashkil qiladi. Gepatit V va S surunkali infeksiyalari bilan kasallanganlarning yarmini 30-54 yoshdagi odamlar, 12 foizini esa 18 yoshgacha boʻlganlar tashkil qiladi. Xastalanganlarning 58 foizi erkaklar.

Kasallik tarqalishining yangi hisob-kitoblari 2019-yilga nisbatan uning biroz pasayganligini koʻrsatmoqda, ammo virusli gepatitning umumiy tarqalishi yuqoriligicha qolmoqda. 2019-yilda 2,5 million, 2022-yilda 2,2 million yangi zararlanish holatlari qayd etilgan.

Jumladan, 1,2 million gepatit V bilan va deyarli 1 million gepatit S bilan yangi zararlanish holatlari aniqlangan. Har kuni 6 ming nafardan ortiq inson virusli gepatit bilan kasallanadi.

Qayta koʻrib chiqilgan hisob-kitoblar kasallik tarqalishi boʻyicha milliy tadqiqotlarning kengaytirilgan maʼlumotlari asosida olingan. Ular, shuningdek, emlash va xavfsiz inyeksiya kabi profilaktika choralari hamda S gepatitini davolash koʻlamining kengayishi kasallanishning pasayishiga xizmat qilganini koʻrsatadi.