Rafahda operatsiya boshlash sanasi kelishib olindi – Netanyaxu

Rafahda operatsiya boshlash sanasi kelishib olindi – Netanyaxu

Isroil G‘azo sektorining Misr bilan chegarasidagi Rafah shahrida harbiy operatsiya o‘tkazish rejalaridan voz kechmayapti, uning boshlanish sanasi allaqachon aniqlangan. Bu haqda yahudiy davlati Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ma’lum qildi.

«Bugun men Qohirada bo‘lib o‘tgan muzokaralar haqida batafsil hisobot oldim. Biz o‘z maqsadlarimizga erishish yo‘lida doimiy ishlayapmiz – birinchi navbatda, barcha garovga olinganlarni ozod qilish va HAMAS ustidan to‘liq g‘alabaga erishish. Bu g‘alaba uchun Rafahga kirish va u yerdagi terrorchilar batalonlarini yo‘q qilish kerak. Bu sodir bo‘ladi, sana belgilandi» , deydi Bosh vazir.

Biroq Netanyaxu aniq sanalarni aytmadi.

Isroil Mudofaa vaziri Yoav Gallant esa Isroil armiyasi Rafahga hujumga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida o‘z bo‘linmalarini Xon Yunusdan olib chiqib ketganini aytdi.

Ma’lumot uchun, G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrida 1,5 million falastinlik Isroil armiyasi hujumlaridan boshpana topdi.