Tayvanda soʻnggi 25-yil ichidagi eng kuchli zilzila sodir boʻldi.
Bu haqda Tayvan meteorologiya boshqarmasi seysmik oʻlchovlar va prognozlar markazi direktori U Szyanfu maʼlum qildi.
“Ushbu zilzila 21-sentyabr (1999-yil) zilzilasidan keyingi 25-yil ichidagi eng kuchli zilzila boʻldi. Bu 7,3 magnitudali zilzila edi”, — dedi U Szyanfu.
Shuningdek, u Tayvanda yiliga 6 dan 7 ballgacha boʻlgan ikki-toʻrt zilzila sodir boʻlishini, ammo 7 balldan yuqori zilzilalar kamdan-kam sodir boʻlishini taʼkidladi.
Tayvanning “China Times” gazetasi mamlakat yongʻin xavfsizligi xizmatiga tayanib xabar berishicha, Tayvandagi zilzila qurbonlari soni toʻrt nafarga yetgan, 97 kishi jarohat olgan. Avvalroq, bir kishi halok boʻlgani va 50 kishi tan jarohati olgani haqida xabar berilgan edi.
Nashrning yozishicha, qurbonlarning aksariyati “Dekalun Trail” sayyohlik markazida boʻlganlar orasida qayd etilgan. Bu yerda uch kishi halok boʻlgan, 40 kishi jarohatlangan.
Xitoy seysmologiya boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, Tayvan sharqida joylashgan Xualyan okrugi qirgʻoqlarida 7,3 magnitudali zilzila sodir boʻldi. Shundan soʻng orolda magnitudasi 4 dan ortiq boʻlgan 11 dan ortiq silkinishlar sodir boʻlgan. Maʼlumotlarga koʻra, Xualyan okrugida silkinishlar orolning boshqa hududlariga qaraganda tez-tez sodir boʻlgan.
Yaponiya bosh meteorologiya agentligining yangilangan maʼlumotlariga koʻra, eng kuchli zilzila magnitudasi 7,7 ni tashkil qilgan. Shundan soʻng 6,6 va 6,3 magnitudali zilzilalar sodir boʻldi.