Iqtisodiyotning norasmiy sektorida band bo‘lganlar soni kamaymoqda

Iqtisodiyotning norasmiy sektorida band bo‘lganlar soni kamaymoqda

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan O‘zbekistonda norasmiy bandlikning o‘zgarish tendensiyalari tahlil qilindi.

Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning so‘nggi hisobotiga ko‘ra, bugun norasmiy iqtisodiyotda 2 milliard odam ishlamoqda. Jahonda ish bilan band aholining 60 foizdan ortig‘i norasmiy mehnat bilan band.

Shimoliy va Janubiy Amerikada norasmiy bandlik darajasi 40 foiz bo‘lsa, Janubiy Osiyodagi ayrim mamlakatlarda 80 foizgacha yetadi. Afrikada norasmiy bandlik ulushi 86 foizni tashkil qiladi. Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida bu ko‘rsatkich 25 foizni, arab mamlakatlarida qariyib 70 foizni tashkil etadi.

Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda jami band aholining 39 foizi norasmiy sektorda faoliyat ko‘rsatmoqda. Mamlakatda 5,5 millionga yaqin kishi norasmiy sektorda mehnat qilayapti.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda mehnatga layoqatli aholining norasmiy sektorda bandligi ma’lum darajada pasaydi (2020-yil – 42,8 foiz, 2023-yil – 39,0 foiz), ya’ni norasmiy bandlik oxirgi 4 yilda 3,8 foizga yoki 0,2 mln. kishiga kamaygan.

2023-yil yakunlariga ko‘ra, norasmiy bandlikning eng yuqori darajasi Namangan (50 foiz), Surxondaryo va Jizzax (49 foiz), Qashqadaryo (48,4 foiz) viloyatlariga to‘g‘ri keldi. Eng past ko‘rsatkich esa Toshkent shahri (10,9 foiz) va Navoiy (21,8 foiz) viloyatida va nisbatan past ko‘rsatkich Buxoro (32,3 foiz) va Toshkent (34,9 foiz) viloyatlarida kuzatildi.

Iqtisodiyotning norasmiy sektorida band bo‘lganlar soni asosan vaqtinchalik, bir martalik va mavsumiy ishlarni bajaruvchilar (94,4 ming kishi) hamda yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan dehqon xo‘jaliklarida norasmiy band bo‘lganlar sonining (141,2 ming kishi) keskin qisqarishi hisobiga kamaygan.

Batafsil