Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim bolalar salomatligi va ularning aqliy rivojlanishiga qanday ta’sir qilishi ekonometrik tahlil asosida o‘rganildi.
Multiple Indicators Cluster Survey (MICS) ning 2021-2022 yillarga oid hisobotiga ko‘ra, 2022-yilda O‘zbekistonda 5 yoshgacha bo‘lgan ortiqcha vaznli bolalar umumiy bolalar sonining 5 foizdan kamrog‘ini (o‘g‘il bolalarda 5 foiz, qiz bolalarda 4 foiz) tashkil etgan.
Ma’lumot uchun: Multiple Indicators Cluster Survey (MICS) bu BMT bolalar jamg‘armasi — YUNISEF tomonidan bolalar va ayollarning holati haqida aniq ma’lumot olish maqsadida ishlab chiqilgan dastur doirasida ko‘plab ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘tkaziladigan klaster tekshiruvidir.
Bo‘yi yoshiga nisbatan past bo‘lgan bolalar 7 foizni, 5 yoshgacha bo‘lgan kam vaznli bolalar umumiy bolalar sonining 2 foizini tashkil etgan.
MHTI mutaxassislari tomonidan MICS ma’lumotlari asosida o‘tkazilgan ekonometrik tahlil davomida quyidagilar aniqlandi:
Maktabgacha ta’lim jarayonida ishtirok etgan bolalarning bo‘yi ishtirok etmaganlarnikiga nisbatan 1,83 santimetr uzunroq, vazni esa 0,65 kilogramm og‘irroq bo‘ladi.
Tana massasi indeksi ((Body Mass Index) asosida qilingan tahlil maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan bolalar vaznining yoshiga nisbatan kam bo‘lib qolish ehtimolini 1 foizga kamaytirishini ko‘rsatdi.
Maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish bolalarning aqliy va emosional sog‘ligiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Xususan:
— maktabgacha ta’lim jarayonida qatnashish bolalarda 10 gacha sanay olish qobiliyati o‘rtacha 19,9 foizdan 21,4 foizga;
— asosiy muloqot ko‘nikmasi o‘rtacha 3 foizga;
— alifbodagi harflarni tanish ehtimoli 8 foizdan 11 foizgacha oshadi;
— ijtimoiy munosabatlar (o‘ynash, do‘stlashish) da qiyinchilikka duch kelish ehtimoli taxminan 4 foizdan kam bo‘ladi.