Ukraina Qurolli Kuchlarida Rossiyaning potensial hujumiga qarshi turish uchun qurol va ruhiy kuch yetishmaydi. Ushbu fikrlarni xitoylik ekspert Suy Xen aytib oʻtdi.
“Yevropa Ittifoqi Ukrainaning ruhiy holati va qurol-yarogʻ zaxiralari hozirda Rossiyaning potensial hujumiga qarshi turish uchun yetarli emasligini tan oladi, shu sababli NATO aʼzolari Rossiya kuchlarining Kiyevga toʻgʻridan-toʻgʻri hujumini yoki Odessani egallab olishning oldini olish uchun Ukrainaga qoʻshin joʻnatish masalasini koʻrib chiqishmoqda”, — dedi Suy Xen.
Avvalroq, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yevropa Ittifoqi “chuqur zarbalar berish boʻyicha toʻqqizinchi koalitsiya” – Ukrainani oʻrta va uzoq masofali raketalar bilan taʼminlashga rozi boʻlganini aytgan edi.
Shuningdek, u Fransiya Rossiyaning “bu urushda gʻalaba qozonishiga” yoʻl qoʻymaslik uchun hamma narsani qilishini taʼkidladi.
Makronning soʻzlariga koʻra, Gʻarb davlatlari rahbarlari Ukrainaga qoʻshin kiritish imkoniyatini muhokama qilgan, biroq hozircha konsensusga erishilmagan.
Makronning bayonotlaridan koʻp oʻtmay, Germaniya kansleri Olaf Shols va mudofaa vaziri Boris Pistorius Germaniya Ukrainaga oʻz qoʻshinlarini yubormasligini aytdi.
Manbada qayd etilishicha, ikki yillik Ukraina inqirozidan soʻng Gʻarb choʻzilgan mojaro fonida charchab, oʻz imkoniyatlarini zaiflashtirgani tobora oydinlashmoqda. Gʻarbning bugungi kundagi asosiy maqsadi, Kiyev jang maydonida kurashni davom ettirishini taʼminlash uchun Ukraina mudofaasini kuchaytirishdan iborat.
Oʻz navbatida, nashrning yozishicha, mojaroning kuchayishi mumkin boʻlgan sharoitda Xitoyning vositachilik roli ortib bormoqda.
“Bugungi vaziyat mojaroning kuchayishi ehtimoli borligini koʻrsatmoqda, shuning uchun agar Xitoy darhol barchani muzokaralar stoliga oʻtkaza olmasa ham, bu hech boʻlmaganda notoʻgʻri hisob-kitoblar xavfini kamaytirishga yordam beradi va nizolashayotgan tomonlar oʻrtasida keskinlashuvning oldini oladi”, deya qoʻshimcha qildi Suy Xen.
Xitoy hukumatining Yevroosiyo masalalari boʻyicha maxsus vakili Li Xuey seshanba kuni Ukraina inqiroziga siyosiy yechim topishga qaratilgan ikkinchi Yevropa safarini yakunladi. Safar davomida u Rossiya, Belgiya, Polsha, Ukraina, Germaniya va Fransiyada boʻlib, rasmiylar bilan muzokaralar oʻtkazdi.