BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi bilan hamkorlikda FAO Transchegaraviy hayvonlar kasalliklari boʻyicha shoshilinch markazi (ECTAD) tomonidan USAID “Global sogʻliqni saqlash xavfsizligi dasturi” doirasida amalga oshiriladigan yangi loyihani boshladilar.
Uning maqsadi Oʻzbekistonning hayvonlar va aholi salomatligi uchun xavf tugʻdiradigan turli tahdidlarning oldini olish, aniqlash hamda ularga oʻz vaqtida javob berish salohiyatini oshirishdan iborat. FAO ECTAD loyihasining kirish seminarida qishloq xoʻjaligi-oziq-ovqat tarmogʻi vakillari, veterinariya va chorvachilik sohasi mutaxassislari, vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar, milliy ilmiy-tadqiqot institutlari va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi.
Seminarda “Global salomatlik xavfsizligi — Oʻzbekistonda hayvonlar sogʻligʻini himoya qilish, “yagona salomatlik” va antimikrob rezistentlik borasida salohiyatni oshirish va zoonoz tahdidlarni yumshatish” loyihasining maqsadlari taqdim etildi, yillik ish rejasi tasdiqlandi va ushbu tashabbusni amalga oshirishdagi asosiy tadbirlar va ustuvor yoʻnalishlar muhokama qilindi.
FAOning Oʻzbekistondagi vakili oʻrinbosari Sherzod Umarovning taʼkidlashicha, chorvachilik qishloq aholisi salmoqli qismining daromad manbai boʻlib, Oʻzbekiston iqtisodiyotida muhim oʻrin tutadi. Inson salomatligi, uy va yovvoyi hayvonlar, oʻsimliklar va ekotizimlar bir-biri bilan chambarchas bogʻliqdir. FAO ushbu tashabbusni inson, hayvon, oʻsimlik va atrof-muhit salomatligini taʼminlash uchun qishloq xoʻjaligi-oziq-ovqat tizimlarini transformatsiya qilish doirasida qoʻllab-quvvatlaydi.
Oʻzbekistonning iqlim sharoiti va geografik joylashuvi chorvachilikni qishloq xoʻjaligidagi ustuvor oʻrnini belgilaydi. Qoramol, qoʻy, echki, parranda va otlar goʻsht va sut ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan iqtisodiy jihatdan eng samarali turlardir.
COVID-19 pandemiyasi shuni koʻrsatdiki, zoonozlar (hayvonlardan odamlarga yuqadigan kasalliklar) nisbatan qisqa vaqt ichida biror mamlakat yoki mintaqaga yetib borishi va keng tarqalishi mumkin. Milliy, mintaqaviy va global darajada koʻp tarmoqli “Yagona salomatlik” yondashuvining joriy etilishi kasalliklarning samarali oldini olish va nazorat qilishga yordam beradi, chunki yangi yuqumli kasalliklarning aksariyati hayvonlardan kelib chiqadi. “Yagona salomatlik” yondashuvini amalga oshirish yuzaga kelishi mumkin boʻlgan inqirozlarga tayyorgarlikni oshirish xamda odamlar, hayvonlar va atrof-muhitning oʻzaro taʼsiridan kelib chiqadigan sogʻliq uchun xavflarni kamaytirish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirishga imkon beradi. Bu esa oʻz navbatida, aholi salomatligini mustahkamlashga va oziq-ovqat tizimlarining barqarorligi taʼminlashga yordam beradi.