Sobiq sovet sotsialistik respublikalari ittifoqining Vazirlar Kengashi raisi, sobiq senator Nikolay Rijkov 94 yoshida vafot etdi. Bu haqda bugun, 28 fevral kuni Rossiya Federatsiya kengashi raisi Valentina Matviyenko ma’lum qildi.
«Ajoyib va benazir inson – Nikolay Ivanovich Rijkov olamdan o‘tdi. Davr odami. Betakror taqdirli inson va noyob davlat arbobi. Va buyuk qalb egasi», deb yozgan Matviyenko o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Uning ta’kidlashicha, bu fazilatlar Rijkov bajargan va unga aloqador bo‘lgan hamma narsada namoyon bo‘lgan.
«O‘z yo‘lining barcha bosqichlarida – zavoddan Davlat plan qo‘mitasi va SSSR Vazirlar Soveti rahbariyatigacha u aniq mehnat odami edi. Va u o‘z mehnati bilan muhabbat, obro‘ va hurmatga sazovor bo‘lgan. Albatta, u tarixda munosib o‘rin egallaydi», degan Federatsiya kengashi raisi.
Ma’lumot uchun, Nikolay Rijkov 1929 yil 28 sentyabrda Donetsk viloyatida konchi oilasida tug‘ilgan. Kramatorsk mashinasozlik texnikumini tamomlagach, Yekaterinburgdagi “Uralmash” mashinasozlik korxonasiga yuboriladi va roppa-rosa chorak asr ishlab, bosh direktor lavozimigacha ko‘tariladi.
1975-1982 yillarda Transport texnikasi vazirining birinchi o‘rinbosari, Davlat plan qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
Xuddi Mixail Gorbachev, Yegor Ligachev va Boris Yelsin kabi Rijkov ham SSSR Oliy Soveti Prezidiumining Raisi Yuriy Andropovning e’tiboriga tushadi. 1982 yil 22 noyabrda, Leonid Brejnev vafotidan 12 kun o‘tgach, Rijkov KPSS Markaziy Qo‘mitasining kotibi etib saylanadi, bir vaqtning o‘zida Markaziy Komitetning yangi tashkil etilgan Iqtisodiyot bo‘limiga rahbarlik qiladi.
1985 yil 15 oktyabrda u Vazirlar Kengashining Raisi etib tayinlanadi va shu tariqa ittifoqdagi ikkinchi shaxsga aylanadi.
Ittifoq parchalanib, Prezident Kengashidagi o‘rnini yo‘qotgandan so‘ng, u Rossiya Sovet Federativ Sotsialistik Respublikasi (RSFSR) 1991 yilgi prezidentlik saylovlarida Boris Yelsinning asosiy raqibi bo‘ladi. 1995 yil dekabr oyida mustaqil ravishda Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasiga saylangan Rijkov keyinchalik «Xalq uchun kuch» blokini boshqargan va uning norasmiy rahbari bo‘lgan Gennadiy Zyuganov bilan birga Rossiya Xalq Vatanparvarlik Ittifoqining rasmiy rahbari bo‘lgan. 2003 yil 17 sentyabrda u Dumadagi o‘rnini tark etadi va Federatsiya Kengashi a’zosi bo‘ladi. Sobiq vazir 2023 yilda nafaqaga chiqqunga qadar ushbu lavozimni egallab kelgan. Qrim inqirozi tufayli u 2014 yilda Kanada, Shveysariya va AQSH tomonidan sanksiyaga uchragan.