Glioblastoma — bosh miya saratonining eng agressiv shakllaridan biri. Ushbu xastalik har yili dunyoda 250-300 ming nafar kishida aniqlanadi. Achinarlisi, aksariyat hollarda tashxis qoʻyilgach, bemor bor-yoʻgʻi, 1 oydan 18 oygacha umr koʻradi.
Bugungi kunda olimlar glioblastoma rivojlanishining oldini olish va saraton hujayralarining davo muolajalariga rezistentligiga qarshi kurashish usullarini yaratish ustida ish olib bormoqda.
Buyuk Britaniyaning Sasseks universiteti tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot bosh miya agressiv saratonini davolash samaradorligini oshirish va ushbu xastalikka chalingan bemorlarning umrini uzaytirishga yordam berishi mumkin.
Terapevtik muolajalarning taʼsirini yaxshilay oladigan, hali yetarlicha oʻrganilmagan oqsillar koʻp. PANK4 shular jumlasidan. Tadqiqot davomida ushbu oqsil glioblastomani davolashda kimyoviy terapiyaning saraton hujayralariga taʼsirini bloklashi maʼlum boʻldi.
Shu sababdan ham PANK4 oqsilining miqdori koʻp boʻlgan bemorlarda tirik qolish koʻrsatkichi pastroq boʻlgan.
Universitet olimlarining taʼkidlashicha, ushbu oqsil olib tashlansa, glioblastomani davolashda qoʻllaniladigan kimyoterapiya preparati saraton hujayralariga yaxshiroq taʼsir qiladi.
Odatda oʻsimta olib tashlangandan keyin glioblastomaga chalingan bemor nur terapiyasi va kimyoterapiya preparati — temozolomid yordamida davolanadi. Inson organizmi mazkur dori vositasini avvaliga yaxshi qabul qilishiga qaramasdan, saraton hujayralari qisqa vaqt ichida unga qarshi rezistentlikni hosil qiladi.
Universitet olimlaridan tashkil topgan tadqiqot guruhi kelajakda ana shu kashfiyot asosida xastalikni davolash uchun yangi preparatlarni ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.