Buxoro aeroporti faoliyati 9-yanvar kuni kuzatilgan chang bo‘roni sabab cheklandi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, noqulay ob-havo sharoiti tufayli ikkita reys Samarqand va Navoiydagi muqobil aerodromlarga yo‘naltirildi.
Turkish Airlines aviakompaniyasining Istanbul—Buxoro yo‘nalishida TK-266 reysini amalga oshirayotgan samolyot chang bo‘roni tufayli belgilangan aeroportga qo‘na olmadi. Ekipaj Samarqanddagi muqobil aerodromga uchishga qaror qildi. Mahalliy vaqt bilan soat 15:20 da bortida 62 yo‘lovchi bo‘lgan samolyot Samarqand aeroportiga qo‘ndi.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Toshkent—Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha HY-23 reysini amalga oshirayotgan samolyot Navoiydagi muqobil aerodromga yo‘l oldi. Toshkent vaqti bilan soat 15:25 da bortida 139 nafar yo‘lovchi bo‘lgan samolyot Navoiy aeroportiga qo‘ndi.