1. Ushbu forumning O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani ham mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlash hamda xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ularning amaliy natijalari xalqaro darajada munosib eʼtirof etilayotganiga yorqin misol bo‘la oladi.
2. Bugun xotin-qizlarning davlat boshqaruvi, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-akademik va madaniy-gumanitar sohalardagi faol ishtirokini taʼminlash har qachongidan-da muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, jahon miqyosida siyosiy-iqtisodiy beqarorlik holati davom etayotgan, turli nizolar, yangi xatarlar xavfi yuqori bo‘layotgan bir sharoitda mazkur masala dolzarbligi yana-da oshmoqda.
3. Bugungi kunda Osiyo mintaqasining jahon taraqqiyotida tutgan o‘rni tobora ortib bormoqda. Jumladan, dunyo iqtisodiyotida eng katta ulushga ega davlatlar aynan Osiyo mintaqasida joylashgan. Taʼlim, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari, iqtisodiyot va boshqa ko‘plab sohalar jadal rivojlanmoqda. Albatta, taraqqiyotning bunday yuksak darajasiga erishishda ayollarning rolini, ularning katta hissasini inkor etib bo‘lmaydi. Shu maʼnoda aytish mumkin-ki, Osiyo qitʼasi mamlakatlari xotin-qizlar haq-huquqlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va gender tenglikni taʼminlash borasida o‘zining boy tajribasiga ega.
4. So‘nggi yillarda barcha sohalarda rivojlanish taʼminlanmoqda, asosiy maqsadlarimiz bo‘lgan aholi farovonligini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish yo‘lida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Dunyoning yetakchi kompaniyalari hamda yirik brendlari bilan minglab investitsiya va sanoat loyihalari ishga tushirilib, yuz minglab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda. Bunda inson kapitali, mehnat resurslari – asosiy boylik va natijalarga erishishda hal qiluvchi vosita sifatida ko‘rilmoqda. Aynan ayollarning iqtisodiyotdagi faol ishtirokini taʼminlash muhim omilga aylanmoqda.
5. Mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda maʼnaviy hayotida, muhim qarorlar qabul qilinishida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli ravishda kengayib bormoqda. Qisqa davr ichida sohaga doir xalqaro standartlarga mos milliy qonunchilik bazasi shakllantirildi, so‘nggi 5 yilda 80 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligi bunga yorqin misoldir. “Xotin-qizlar va erkaklarga teng xuquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi muhim qonunlar qabul qilindi va amaliyotga joriy etildi.
6. Islohotlarni samarali amalga oshirishda ayollarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maʼnoda, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi roli hamda taʼsirini keskin oshirishga alohida eʼtibor qaratish zarur.
7. Ayollar uchun imtiyozli kreditlar, maxsus kvotalar ajratildi, magistraturada o‘qiydiganlarning kontrakt to‘lovlari to‘liq davlat byudjetidan qoplab berilishini davlat o‘z zimmasiga oldi. Natijada, bugungi kunga kelib qiz bolani o‘qitmaslik, uyda o‘tirishi kerak degan stereotiplarga barham berilmoqda. Hozirda oliy taʼlim muassasalarida o‘qiyotgan talabalarning yarmidan ko‘pini qizlar tashkil etmoqda. Agar oliy taʼlimga qamrovning 2017 yildagi 9 foizni hozirgi 43 foiz qamrov bilan solishtirsak, oliy taʼlimda qizlar ulushi keskin ortganini ko‘rishimiz mumkin.
8. Ayollar shu paytgacha anʼanaviy bo‘lgan taʼlim, tibbiyot, tikuvchilik yo‘nalishlaridan tashqari raqamli iqtisodiyot, axborot texnologiyalari kabi ilg‘or sohalarga faol kirib keldi. Albatta, kelajakda bu ishlar yana-da faollashtiriladi va o‘zining ijobiy natijasini beradi.